Jazoni ijro etish tizimida. Kitob — maʼnaviyat xazinasi
2025-01-25 03:50:00 / Yangiliklar
Ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibning maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini takomillashtirishga IIV huzuridagi JIED tizimida oʻtkazilayotgan tadbirlarda alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning eng asosiy vositasi kitob ekanligini inobatga olib, xodimlar oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib etishga urgʻu berilyapti. Har yili «Eng yaxshi kitobxon» tanlovi oʻtkazilib, gʻoliblar munosib ragʻbatlantirib boriladi.
Departamentda tashkil qilingan keng va shinam kutubxonada 2200 nomdagi badiiy, ilmiy, diniy-maʼrifiy va boshqa mavzulardagi kitoblar jamlangan. Bundan tashqari, xodimlarning talab va istaklariga binoan kutubxona fondi muntazam yangilanib, yangi nashrdan chiqqan kitoblar, dolzarb mavzudagi zamonaviy adabiyotlar bilan boyitib borilmoqda. Tizim muassasalarida ham jazo muddatini oʻtayotgan shaxslar uchun alohida, xodimlar uchun alohida kutubxonalar tashkil qilingan.
Darhaqiqat, kitob mutolaasi insonning maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirib, bilimlarini chuqurlashtirib, soʻz boyligini oshiradi. Bu esa xodimlarning xizmat faoliyatida asqatib, mahkumlar bilan tarbiyaviy tadbirlar olib borishda juda qoʻl kelyapti.
Shahrizod SHOKIROV, kapitan.