Qoraqalpogʻistonda 2024-yil sarhisobi va 2025-yil rejalari muhokama qilindi
2025-01-23 21:05:00 / Yangiliklar
![Qoraqalpogʻistonda 2024-yil sarhisobi va 2025-yil rejalari muhokama qilindi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2Fed1e1d73-592e-b132-c28a-661eb5f636a7_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Mazkur yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlari hamda barcha shaxsiy tarkib ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 1-oʻrinbosari polkovnik Jasur Atayev tomonidan 2024-yil davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasida huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, sodir boʻlgan jinoyatlarni issiq izida fosh etish, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligi hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yuzasidan batafsil Axborot berildi.
2024-yil davomida erishilgan yutuqlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar hamda oʻtkazilgan profilaktik tadbirlarning samaradorligi xususida sohaviy xizmat rahbarlari, tuman (shahar) IIB boshliqlari va boshqa masʼullarning ham hisobotlari tinglandi.
Hisobotlar tinglanib, muhokama natijalariga koʻra xizmat vazifalarini bajarishda kamchiliklarga yoʻl qoʻyib kelgan ayrim rahbar va xodimlarga nisbatan tegishli taʼsir choralari qoʻllanildi.
Shundan soʻng 2025-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga qaratilgan yangi loyihalar, kuch vositalar, moddiy-texnik bazani yaxshilash boʻyicha qilingan takliflar muhokama qilindi. Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari bildirilgan taklif hamda mulohazalarga nisbatan oʻzining tavsiyalarini berib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklardan kerakli xulosa chiqarib, berilgan vazifa va topshiriqlarni vijdonan bajarish, fuqarolar xavfsizligi hamda huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Birinchi navbatda har bir ichki ishlar organi xodimining oʻzi xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy amal qilishi, xizmat vazifasiga vijdonan yondashishi, asosiysi vatanga, xizmatga va xalqiga sadoqatli boʻlishi lozimligini yana bir bor taʼkidlab oʻtdi.
Vazir oʻrinbosari, yuqori va quyi tizim rahbarlariga, xodimlarning oilaviy sharoiti va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yosh kadrlarni tarbiyalashda ustoz-murabbiy anʼanalarini yanada keng tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini bildirdi.
2025-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan ishlab chiqilgan tashkiliy tadbirlar rejasi va yoʻl xaritalarini yana bir bor sinchkovlik bilan koʻrib chiqib, har bir yoʻnalish boʻyicha barcha ustuvor vazifalarni belgilab olgan holda ijroga qaratish lozimligi yuzasidan qarorlar qabul qilindi.
Yigʻilish yakunida 2024-yil davomida xizmatdoshlariga shaxsiy namuna koʻrsatib yuqori koʻrsatgichlarga erishgan, maʼmuriy hududida huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarda samarali mehnat qilgan, sodir etilgan jinoyatlarni aniqlash va issiq izida fosh etish borasida yuqori natijalarga erishgan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari va ularning ota-onalari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosarining faxriy yorligʻi va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV Axborot xizmati