Davlat rahbarining qarori ijroga qaratilmoqda
2025-01-23 16:10:00 / Yangiliklar
Davlat rahbarining qarorini ijrosini taʼminlash maqsadida ishchi guruh tomonidan Koʻkdala tumanida sektor rahbarlari, prokuratura, Milliy gvardiya, hamkor tashkilotlarning masʼullari hamda tumanda kriminogen vaziyati ogʻir hisoblangan “Xoʻjaobod”, “Torjilgʻa” va “Chuvilloq” mahallalari yettiligi ishtirokida mahalla–tuman darajasida kriminogen vaziyatni jilovlash, huquqbuzarliklarni oldini olishda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan amaliy ishlar yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.
Unda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tumandagi kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda “Namunali xavfsiz koʻcha” va “Namunali xavfsiz yoʻlak”larni tashkil qilish, videokameralar oʻrnatish hamda vaziyatni nazorat qilish uchun profilaktika inspektori va ichki ishlar boshqarmasi vaziyatlar markaziga integratsiya qilish choralarini koʻrish topshirigʻi berildi.
Jarayonda ishchi guruh Koʻkdala tumanidagi Sanʼat saroyi va yangi qurib foydalanishga topshirilgan ichki ishlar boʻlimida boʻlib, xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar hamda imkoniyatlarni koʻzdan kechirishdi. Vazir Ichki ishlar boʻlimi xodimlari yanada samarali xizmat qilishi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berdi.
Yakkabogʻ tumanida boʻlgan ishchi guruh, tumanning “Aygʻirkoʻl”, “Bunyodkor” va “Mevazor” mahallalari yettiligining jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha amalga oshirayotgan ishlari, “qizil toifa”dagi mahallalarning kirish-chiqish joylariga bosqichma-bosqich kameralar, “Yangi Oʻzbekiston” massividagi koʻp qavatli uylarning yoʻlaklar kirish eshiklarida zamonaviy domofonlarni oʻrnatib, ichki ishlar boshqarmasi va Milliy gvardiya monitoring markazlariga hamda profilaktika inspektorlari xizmat planshetlariga integratsiya qilish choralarini koʻrish topshirigʻi masʼullar zimmasiga yuklandi.
Tadbirlarda masʼullarga huquqbuzarliklar barvaqt profilaktikasini tashkil etish boʻyicha namunaviy tartib yaratish, qaror ijrosiga qaratilgan “yoʻl xaritalari”ning toʻlaqonli ijro etilishini taʼminlash hamda ijtimoiy profilaktika tizimini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.