Qoʻshqanotlar. Oila mustahkamligi baxtning toʻkisligiga bogʻliq
2025-01-23 13:20:00 / Yangiliklar
Buxoro viloyati IIB JXX HPBda faoliyat olib borayotgan podpolkovnik Quvvat Yarashov va mayor Luiza Muhsinova ahil va inoq umrguzaronlik qilib kelishmoqda.
Baxt oʻz-oʻzidan kelavermaydi. Inson qaysi sohada mehnat qilmasin, kasbini sevsa, uni ardoqlasa, albatta, baxtga erishadi. Lavhamiz qahramonlari ana shunday ezgu va xayrli ishlari tufayli el nazariga tushdi.
— Ziyoli oilada tugʻilganim bois ota-onam oʻqishimga alohida eʼtibor qaratgan. Kitob oʻqishga juda qiziqqanman. 6—7-sinflarda mashhur yozuvchi Artur Konan Doylning Sherlok Xolms toʻgʻrisidagi asarini oʻqib, izquvarlik kasbiga qiziqishim uygʻondi. Keyin otamning maslahati hamda orzularim bois shu sohani tanladim, deydi podpolkovnik Quvvat Yarashov.
2010-yilda IIV Akademiyasini tugatgan Quvvat xizmat faoliyatini Gʻijduvon tumani IIBda profilaktika inspektori lavozimida boshladi. Salkam besh yil shu tumanda ishlagach, viloyat IIB Huquqbuzarliklarning oldini olish boshqarmasida inspektor, 2018-2020-yillarda viloyat IIB Matbuot xizmati rahbari sifatida faoliyat yuritib, ayni paytda viloyat IIB HPB muhim topshiriqlar boʻyicha inspektor lavozimida xizmat qilmoqda.
Mayor Luiza Muhsinova ham yoshligidan kitobxon boʻlgan. U ona tili va ingliz tilini mukammal oʻrgandi. Ammo orzulari boshqacha edi. Koʻpchilik qizlar kabi, u ham styuardessa, dizayner yoki diplomat boʻlishni orzu qilardi. Ingliz tilini oʻrganishdan maqsad ham shu edi. Biroq otasi hamda oʻsha kezlarda ichki ishlar organlarida xizmat qilgan yaqin qarindoshlaridan birining maslahati va tavsiyasi bilan 2008-yilda IIV Akademiyasiga oʻqishga kirdi. Oʻquv dargohini tamomlagach, Buxoro shahar ichki ishlar organlaridagi turli lavozimlarda, xususan, voyaga yetmaganlar bilan ishlash va xotin-qizlar boʻyicha katta inspektorlik lavozimlarida xizmat qildi. Ayni paytda Buxoro shahar IIOFMB 3-sonli IIB HPB Xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori.
- Bizning tanishishimiz ham qiziq boʻlgan, deydi Quvvat Yarashov. — Ikkimiz yonma-yon tumandan boʻlsak-da, azim shaharda birga oʻqib, baxt ostonasiga birga qadam qoʻydik. Xalqimizda «Sarbon qayerda boʻlsa, karvon oʻsha yerda» degan naql bor. Rafiqam ham har yerda maslakdosh, yelkadosh va oilada koʻmakchi boʻlib kelmoqda. Xizmat zarurati tufayli turli koʻngilsiz hodisalar, oilaviy mojarolar guvohi boʻlib, ularni muhokama qilish, rasmiylashtirish barobarida, insonga hissiy taʼsir koʻrsatmay qolmaydi. Ana shunday vaziyatlardan soʻng esa oilaga xuddi hech narsa boʻlmagandek kirib borish har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi. Zero, kasbimiz shuni taqozo etadi, bir-birimizni tushunamiz, kerakli paytda qoʻllab-quvvatlaymiz.
Sharafli kasbdan eʼzoz topgan bu ahil oila jamoada ham, mahallada ham eng namunalilardan biri sanaladi. Ular Dilshod, Laziza va Ulugʻbeklarni tarbiyalab voyaga yetkazishyapti. Ularning ham kelajakda ota-onalari singari, xalqqa manfaati tegadigan insonlar boʻlib yetishishiga ishonamiz.
Mirzoqul Ahadov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Buxoro viloyati