Ishchi guruh — Fargʻonada. Taqdimotlar, muloqotlar va tavsiyalar
2025-01-19 01:45:00 / Yangiliklar
Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev rahbarligidagi ishchi guruh aʼzolari bir necha kun davomida Fargʻona viloyatida. «Qizil» toifadagi mahallalar va otaliqqa olingan yoshlar boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish uchun tashkil etilgan 3-sektor shtabiga borib, yaratilgan sharoitlar, jinoyatchilikni jilovlash borasidagi taqdimotlari bilan tanishishdi.
Yangi tashkil qilingan Kiberxavfsizlik laboratoriyasi faoliyati oʻrganilib, bu yerga oʻrnatilgan yangi jihozlar, texnik imkoniyatlar, viloyat IIB hamda TATU Fargʻona filiali hamkorligida ishlab chiqilgan loyihalar ham katta taassurot qoldirdi.
Safar davomida viloyat IIB JXX PPX batalyoni, Qoʻshtepa tumani IIB, Qoʻqon shahridagi Muqimiy nomli mahallada qad rostlayotgan 2-mintaqaviy hudud muvofiqlashtirish markazi binosida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishildi.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, Probatsiya hisobida turgan nazoratdagi shaxslarni qayta kasbga oʻqitish va ularning bandligini taʼminlash boʻyicha «Kasbiy koʻnikmalar markazi» bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar ham joyida oʻrganildi. Markazda Kambagʻallikni qisqartirish va Bandlik boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mehnat yarmarkasida probatsiya nazoratida turgan 6 nafar shaxs shu yerning oʻzida ishga qabul qilingan boʻlsa, yana 30 nafariga oʻzlari tanlagan ish oʻrinlari boʻyicha yoʻllanmalar berildi.
Bundan tashqari, Buvayda tumani IIB JXX Probatsiya guruhi hisobida turgan nazoratdagi shaxslar ishtirokida sayyor sud majlisi va yoshlar bilan uchrashuv ham oʻtkazildi. «Quvasoy temir beton» zavodida ishlab kelayotgan nazoratdagi shaxslar hamda masʼul rahbarlar bilan oʻtkazilgan muloqot ham samimiy ruhda kechdi.
Abduvosit SIDIQOV, oʻz muxbirimiz.