Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasining Qatar Davlatidagi tashrifi davom etmoqda
2025-01-17 15:05:00 / Yangiliklar
![Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasining Qatar Davlatidagi tashrifi davom etmoqda](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F4d190621-09ba-fdef-1574-58e4efbef4c3_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Avval xabar berganimizdek, 2025-yil 14-16-yanvar kunlari Qatar Davlati Ichki ishlar vazirligi Iqtisodiy va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti rahbarining Oʻzbekiston Ichki ishlar vaziriga bergan taklifiga asosan Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazining rahbar xodimlari Doxa shahrida amaliy tashrif bilan boʻlib turmoqda.
Tashrif davomida Iqtisodiy va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshligʻi oʻrinbosari hamda bir vaqtning oʻzida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha Doxa shahridagi mintaqaviy markazi boshligʻi Qossim Yusuf Al-Kuvari bilan Qatar tomoni taklifiga binoan Oʻzbekistonning Qatardagi elchixonasi masʼul xodimi ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuv davomida xalqaro markaz faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Markaz Arab koʻrfazi, Afrika va Osiyo mamlakatlari politsiya xizmatlarining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashuvchi boʻlinmalari xodimlarini xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda oʻqitishi malakasini oshirishi haqida maʼlumot olindi.
Markaz boshligʻi Oʻzbekiston vakillarini oʻquv kurslarini malakasini oshirishda yaqindan yordam koʻrsatishi, 2025-yilga moʻljallangan kurslar haqida maʼlumot berib, hamkorlikda tadbirlarni oʻtkazishga tayyorligini maʼlum qildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasining Qatarga tashrifi davomida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish yoʻnalishida koʻplab manfaatli muzokaralar oʻtkazildi.
IIV Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi