Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik Ramazon Ashropov 2025-yilga moʻljallangan Davlat dasturi loyihasini xalqaro hamjamiyat oʻrtasida oʻtkazilgan jamoatchilik muhokamasida ishtirok etdi
2025-01-16 13:00:00 / Yangiliklar
Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik Ramazon Ashropov Toshkent shahridagi Hyatt Regency mehmonxonasida tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi va uni tasdiqlash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi boʻyicha ochiq ruhda oʻtkazilgan jamoatchilik muhokamasida ishtirok etdi.
Tadbirda respublika vazirlik va idoralar masʼullari, Oʻzbekistondagi xorijiy mamlakatlar diplomatik vakolatxonalari hamda xalqaro tashkilotlar, ilmiy va tadqiqot markazlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar.
Vazir oʻrinbosari R.Ashropov Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2025-yilda Davlat dasturi doirasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar va amaliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Unda, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishda foydalaniladigan ilmiy-texnik usul va vositalarni modernizatsiya qilish uchun daktiloskopik axborotlarga ishlov berish boʻyicha qonuniy asoslarni yaratilishini alohida qayd etdi.
Shuningdek, Davlat dasturi loyihasida tergov faoliyati ustidan nazoratni elektron shaklda olib borish imkonini beruvchi raqamlashtirilgan tizim yaratilishi, avtomobil yoʻllarida transport vositalarini erkin va xavfsiz harakatlanishini taʼminlash maqsadida intellektual transport tizimlarini oʻrnatish va yagona raqamli boshqaruv tartibi joriy etilishi kabi boshqa maqsadli chora-tadbirlar nazarda tutilayotganligini maʼlum qildi.
Yigʻilish yuqori saviyada tashkil etildi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti