Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Abduvoxid Ismoilov huzurida vohada jinoyatlarni oldini olish va fosh etishning ahvoli tanqidiy-tahlil etilib, joriy yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar taqdimoti bilan tanishildi
2025-01-16 09:00:00 / Yangiliklar
Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida oʻtgan yilda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldini olish, roʻy berganlarini fosh etish, fuqarolar va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar hamda joriy yilda amal oshiriladigan rejalar tahliliga bagʻishlangan tanqidiy yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Viloyat IIB rahbariyati, tarkibiy boʻlimlar va sohaviy xizmatlar, tezkor xizmat vakillari, shahar- tuman IIB boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari videoselektor tarzida ishtirok etgan yigʻilishni boshqarma boshligʻi, polkovnik Abduvoxid Ismoilov ochib, oʻtgan yilda viloyatda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izlar”da fosh etish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy-tahlil qildi.
Vohada jinoyatlarning ildiziga bolta urish va unga qarshi kurash, sodir etilganlarini izlar bosilmay fosh etish, qonunbuzarliklarga barham berish, jamoat va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlarni yanada kuchaytirish, qonun ustuvorligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar, faoliyatda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni muhokama qilib, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari oldiga aniq vazifalar qoʻydi.
Ichki ishlar organlari xodimlari huquq-tartibotni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash, osuda turmushga zamin hozirlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, keng jamoatchilik, ayniqsa, mahalliy hokimliklar, qishloq, mahalla faollari, korxona va tashkilotlar rahbarlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi taʼkidlab oʻtildi.
Ushbu jarayonda ogohlikni yanada kengroq targʻib etib, yoshlarni turli illatlar domiga tushib qolishining oldini olish bosh vazifa boʻlmogʻi lozim.
Bu borada kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan masalalar boʻyicha sohaviy xizmatlar rahbarlari vazifador etilib, masʼuliyati oshirildi.
Bundan tashqari, shahar-tumanlarda sektor ishchi guruhlari tomonidan “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” ishlash, murojaatlarni izchil oʻrganib fuqarolarga asosli javoblar berish, hududlarda kommunal sohadagi kamchiliklarni muntazam nazorat qilib, uchraydigan muammolarni tezda bartaraf etish, asosiy eʼtibor aholining eʼtiroziga sabab boʻluvchi holatlarni barvaqt aniqlash va ushbu muammolarni sektor rahbarlari, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hal etish bugungi kunning dolzarb masalasi ekanligi ishtirokchilarga tushuntirildi.
Yigʻilishda viloyatda joriy yilda kriminogen vaziyatni jilovlash, qonunbuzarliklarni oldini olish, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida sohaviy xizmatlar rahbarlarining ish rejasi bilan tanishilib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish topshirigʻi berildi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati