Uchinchi sektorda nima gap? Yaxshilik bilan el koʻkarar
2025-01-08 11:50:00 / Yangiliklar
Insonlarning yoniq qalbi, mehnatkash qoʻllari tufayli bu yorugʻ olamda doim yaxshilik koʻkaradi. Bu xayrli amal koʻpchilikning manfaati, farovon hayoti yoʻlida boʻlsa, nur ustiga nur. Narpay tumanining 3-sektori hududidagi amaliy ishlar ham ana shunday ezgulikka yoʻgʻrilgan, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Hududdagi 10 ta mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli mahallalarda mavjud 7466 xonadondagi 23119 ta oilada 36023 nafar aholi istiqomat qiladi. Tuman IIB boshligʻi, podpolkovnik Alisher Rayimberdiyev rahbarligida hududda istiqomat qilayotgan nogironligi boʻlgan, boquvchisini yoʻqotgan, yakka-yolgʻiz yashovchi fuqarolar va boshqa ehtiyojmand oilalar, ulardagi yoshlar va xotin-qizlarning roʻyxati shakllantirilib, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrilayotir.
— Yil boshida «mahalla yettiligi», tadbirkorlar va aholi bilan uchrashib, «Bir mahalla — bir mahsulot» tamoyili asosida bitta mahallada bir turdagi serdaromad va eksportbop ekin turlari ekish boʻyicha kelishib olingandi, — deydi sektor kotibi, tuman IIB JXX HPB IPG katta inspektori, podpolkovnik Vohidjon Xayriyev. Yil yakuniga yetib, kutilgan natijaga erishganimizdan xursandmiz. Misol uchun, yil davomida birgina «Oqoltin» mahallasidagi mavjud 847 ta xonadonning 782 tasidagi 27 gektar issiqxonalarda pomidor va bodring yetishtirildi. Mahsulot sifati aʼlo, dehqonlarimizning daromadi barakali boʻldi. Bundan tashqari, «Toshkoʻprik», «Koʻkota» va «Xoʻjaqoʻrgʻon» mahallalaridagi issiqxonalarda yetishtirilgan mahsulotlar mahalliy bozorlarimizga chiqarilmoqda.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, hududning «Yoshlar daftari» elektron platformasiga kiritilgan yoshlarning ham 980 nafariga kerakli yordam koʻrsatilgan. Xususan, 25 nafar yigit-qizning toʻlov-kontrakti, 10 nafariga kelajak kasblari uchun, 16 nafariga safarbarlik chaqiruvi rezervi uchun pul toʻlovlari amalga oshirib berilgan.
«Ayollar daftari»ga kiritilganlarning 598 nafariga amaliy yordam koʻrsatilgan. Jumladan, 406 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi taʼminlangan boʻlsa, tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan ehtiyojmand ayollarning 59 nafariga kreditlar ajratildi. Boquvchisi boʻlmagan ehtiyojmand xotin-qizlardan 47 nafariga esa moddiy yordam berildi.
Uchinchi sektor masʼullari va tegishli hamkor tashkilot vakillarining bir yoqadan bosh chiqarib qilgan mehnati samarasi oʻlaroq, hudud obodligi, aholi hayotining farovonligini yanada oshirish borasidagi chora-tadbirlar ham yaqqol koʻzga tashlandi.
Hududimizdagi Amir Temur nomli, «Tinchlik» va «Yangiobod» mahallalaridagi ichki yoʻllarga 1,6 km uzunlikda asfalt-beton qoplamasi va sektorga qarashli boshqa mahallalarga 6,2 km qum-shagʻal aralashmasi yotqizish ishlari amalga oshirildi, deydi podpolkovnik V. Xayriyev. «Tinchlik» MFYdagi 59-sonli maktab davlat dasturi asosida qayta taʼmirlandi. Aholiga elektr energiyasini yetkazib berishda tez-tez uzilishlarning oldini olish maqsadida «Toshkoʻprik», «Koʻkota», «Boʻston» MFYlariga qoʻshimcha ravishda yangi transformatorlar oʻrnatildi.
Tegishli dastur hamda hashar yoʻli orqali «Koʻkota» MFYga 3,6 km yangi ichimlik suvi tarmogʻi tortilib, 72 ta xonadon toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi.
Sirasini aytganda, oʻtgan yili hudud aholisining bir qator muammolari sayyor qabullar, yoshlar bilan uchrashuvlarda joyida hal etildi. Shuningdek, kelib tushgan murojaatlarning 97 foizi ijobiy hal qilingan va asosli tushuntirishlar berilgani quvonarlidir. Bu odamlarning yuziga mamnunlik, gap-soʻziga minnatdorlik boʻlib koʻchgan.
Gulnoza Turgʻunboyeva, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Samarqand viloyati