Probatsiya xizmati. Inson qadri har narsadan ustun
2025-01-07 08:05:00 / Yangiliklar
Karmana tumani «Talqoq» mahallasida istiqomat qilayotgan Davron Safoyev (ism-shariflar oʻzgartirildi) 50 yoshni qoralagan. Qaramogʻida 3 nafar farzandi bor. Oʻtgan yili «Shuncha payt turdi, hech kim soʻramadi, endiyam hech kim payqamaydi», deb mahallada qarovsiz qoldirilgan temir buyumlarni yashirincha pullab yubordi. Ularning egasi zarur boʻlganda izlab topolmagach, tuman IIBga murojaat qiladi. Oʻgʻrilik jinoyati sodir etganlikda ayblangan Davron Safoyev mulk egasiga yetkazilgan zararni qoplagach, probatsiya nazoratiga oʻtkazildi.
Alisher Navoiy mahallasida yashovchi Alisa Hakimova esa davlat korxonalaridan birida ijtimoiy yordam boʻyicha masʼul xodim vazifasida ishlardi. U mansab vakolatidan foydalanib, ijtimoiy yordam maqsadiga moʻljallangan pullarni oʻz manfaati yoʻlida sarflab yubordi. Ushbu qilmishi oshkor boʻlgach, qonuniy chora koʻrilib, u ham probatsiya nazoratiga olindi.
Karmana tumani IIB Probatsiya guruhi nazoratida 442 nafar mahkum turadi. Kapitan Feruz Shamsiddinov ularning sud tomonidan belgilangan cheklovlarga rioya etishini nazorat qiladi.
Probatsiya guruhi inspektori, kapitan Feruz Shamsiddinovning tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikdagi saʼy-harakatlari tufayli oʻtgan yil davomida probatsiya nazoratidagi shaxslardan 157 nafarining bandligi taʼminlandi. Jumladan, Alisa Hakimova toʻqimachilik korxonalarining biriga texnik boʻlib ishga joylashdi.
- Vazifamiz nazoratdagi shaxslarning nafaqat belgilangan tartib-qoidalarga, taqiqlarga rioya etishini taʼminlash, balki hayotda halol yashashiga, kasb-hunar egallashiga, jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish. Zero, yurtimizda inson aziz, uning qadr-qimmati har narsadan ustun, — deydi kapitan Feruz Shamsiddinov.
Yaqinda Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudining sayyor yigʻilishida 29 nafar mahkumning ishi qayta koʻrib chiqildi. Ulardan toʻgʻri xulosa chiqargan, mehnatga halol munosabatda boʻlgan, mahallasi va ish joyida ijobiy tavsiflangan 28 nafari muddatidan ilgari jazodan ozod etildi. Belgilangan tartibga rioya etmay, jazoni oʻtashdan boʻyin tovlagan bir nafar mahkumning jazosi esa ogʻirrogʻiga almashtirildi.
Probatsiya guruhi xodimlari nazoratdagi mahkumlar bilan muntazam profilaktik targʻibotlar tashkil etib boradi. Ushbu tadbirlar chogʻida ularga ilgari yoʻl qoʻygan xatolarini tuzatishlari uchun imkon borligi taʼkidlanadi.
Mahliyo XOLOVA, oʻz muxbirimiz.
Navoiy viloyati.