Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Abduvoxid Ismoilov Chiroqchi tumanida qish mavsumiga tayyorgarlik, energiya resurslari zaxiralari hamda kriminogen vaziyatni oʻrgandi
2024-12-19 12:25:00 / Yangiliklar

Viloyat 3-sektoriga qarashli tumanda boʻlgan boshqarma boshligʻi “Dolzarb 50 kun” profilaktik tadbiri doirasida dastlab tumanda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash, bunga imkon yaratuvchi shart-sharoitlar shuningdek, qish mavsumini betalofat oʻtkazish, aholini yoqilgʻi-energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlanish jarayonlarini oʻrganish maqsadida soha masʼullari hamda hamkor tashkilotlarning mutasaddilari ishtirokida Hududgaz Chiroqchi tuman filialida boʻldi. Unda aholiga tabiiy va suyultirilgan gazni uzluksiz yetkazib berish borasida belgilangan choralar ijrosi hamda zaxiralar bilan tanishildi.
Oʻrganishlar davomida gaz zaxirasini koʻpaytirish, olis hududlarga suyultirilgan gazni yetkazish uchun qoʻshimcha texnikalarni jalb etish borasida masʼullarga topshiriqlar berildi.
Soʻngra, tuman markaziy dehqon bozorida boʻlib, narx-navolarni oʻrgandi. Bozorda fuqarolar bilan oziq-ovqatlar mahsulotlari narxlari, bayramga tayyorgarlik borasida suhbatlashdi. Bozor maʼmuriyatiga narx-navoni sunʼiy oshirilishini oldini olish, tashkil etilgan arzonlashtirilgan oziq-ovqatlar yarmarkasini uzluksiz tashkil etish topshirigʻini berdi.
Soʻngra Chiroqchi tumani elektr tarmoqlari korxonasida boʻlib, xodimlarining favqulodda elektr taʼminotidagi uzilishlar yuz berganda navbatchi guruhning shayligini koʻzdan kechirdi. Qishning sovuq va murakkab sharoitlarida aholiga benuqson xizmat koʻrsatish vazifalari va xavfsizlik choralarini toʻliq taʼminlanishga jiddiy eʼtibor qaratish, aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash borasidagi tadbirlar bilan tanishib, bunga qoʻshimcha kuch va texnikalar jalb etish tavsiyasini berdi.
Shuningdek, ishchi guruh tomonidan Chiroqchi tumani ichki ishlar boʻlimida boʻlib, yangi qurilayotgan vaqtincha saqlash hibsxonasini qurilish ishlari bilan tanishdi. Mutasaddilarga qurilish ishlarini amalga oshirishda har tomonlama talabga javob beradigan shart-sharoitlarni yaratish borasida tegishli taklif va tavsiya berib, xizmat faoliyati bilan tanishildi.
Ishchi guruhning oʻrganishlari davom etmoqda.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati