Kuni kecha Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi rahbari Rustam Xatamov boshchiligidagi delegatsiya Singapurda boʻldi
2024-12-18 09:20:00 / Yangiliklar
Mamlakatimiz vakillari dastlab Singapur Ichki ishlar vazirligi akademiyasida boʻlib, taʼlim muassasasi rahbari Anvar Abdulloh bilan uchrashdilar.
Muloqot chogʻida hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Anvar Abdulloh davlatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar koʻp qirrali hamkorlikka mustahkam asos boʻlayotganini alohida eʼtirof etdi. Uning taʼkidlashicha, Singapur – Oʻzbekiston aloqalarida taʼlim sohasi yetakchi oʻrinni egallaydi. Hozirgi murakkab sharoitda kadrlar tayyorlash yoʻnalishida hamkorlikni kengaytirish va ilgʻor tajribalarni oʻrganish tomonlar manfaatiga xizmat qiladi.
Oʻz navbatida, delegatsiyamiz rahbari Rustam Xatamov keyingi yillarda Oʻzbekiston va Singapur munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilib, hamkorlikning yangi istiqbollari ochilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. “Singapur zamonaviy sohalarda jadal taraqqiyotga erishayotgan mamlakat. Ayniqsa taʼlim, korrupsiyaga qarshi kurashish, kiberxavfsizlik, IT texnologiyalar singari yoʻnalishlarda ulkan salohiyat va tajribaga ega. Bugungi tashrif mazkur sohalardagi yutuqlarni oʻrganish va oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratilgani bilan ahamiyatli”, dedi u.
Qizgʻin muloqotdan soʻng Singapur hukumati va Ichki ishlar vazirligi vakillari ishtirokida keng doirada uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimizning favqulodda va muxtor elchisi Alisher Qayumov ham qatnashdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston – Singapur oʻrtasidagi munosabatlar, oʻzaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari, shuningdek, jahonda yuzaga kelayotgan geosiyosiy jarayonlar fonida global va mintaqaviy xavfsizlik masalalari, zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish, huquqni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni mustahkamlash borasida fikr almashildi.
Shundan soʻng taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Tomonlar oʻzaro tajriba almashish, kadrlar salohiyatini oshirish, ilmiy yutuqlarni ommalashtirish va boshqa shu kabi yoʻnalishlarda kelishuvga erishdilar.
Aytish joizki, xorij safari davomida vakillarimiz Singapur IIV akademiyasi bilan bir qatorda, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Kiberxavfsizlik agentligi faoliyati bilan tanishdilar. Taʼlim jarayonidagi ilgʻor yondashuvlar, politsiya amaliyotiga joriy qilingan innovatsion tizimlar, “Anti-Scam” va boshqa dasturlar, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar taqdimot tarzida namoyish qilindi.
Tashrif yakunida uchrashuv va muloqotlar har ikki tomon uchun samarali va shu bilan birga, kelgusidagi hamkorlik yoʻlida muhim qadam boʻlgani eʼtirof etildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati