IIV Akademiyasida sud va ichki ishlar organlari hamkorligining muhim jihatlariga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi
2024-12-18 09:10:00 / Yangiliklar
Unda Mirzo Ulugʻbek tumani IIOFMB vakillari, jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi sudyalari, profilaktika inspektorlari, professor-oʻqituvchilar va kursantlar ishtirok etdi.
Davra suhbati avvalida akademiya boshligʻi yordamchisi Ismoil Himmatov tadbirning dolzarb ahamiyatiga toʻxtalib, amaliyotda profilaktika inspektorlari, ayniqsa yosh xodimlar duch kelayotgan ayrim muammolarga eʼtibor qaratdi.
Tadbirda maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha hujjatlarni toʻgʻri rasmiylashtirish, protsessual xatti-harakatlarni amalga oshirishda qonuniylikni taʼminlash, shuningdek, mahallalarda huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etish, bu borada “mahalla yettiligi” tizimi bilan hamkorlik qilish hamda boshqa masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Soʻz olganlar amaliyotdagi holatlardan misollar keltirib, kursantlarga zarur tavsiyalar berdilar. Tajribali mutaxassislar ishtirokida oʻtkazilayotgan tadbirlar yoshlarning kasbiy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qilayotgani aytib oʻtildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati