Faxriylar hayoti yoshlarga ibrat. Keksalikni pisand qilmay...
2024-12-17 12:35:00 / Yangiliklar
Sverdlovsk yongʻin xavfsizligi bilim yurtini tamomlagan leytenant Qobul Polvonovni Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi tergov hibsxonasiga xizmatga yuborishdi. Oymonjon ham turmush oʻrtogʻi bilan Qarshiga keldi va muassasa kotibiyatida hujjatlarni nazorat qiluvchi yollanma xizmatchi lavozimida ish boshladi. U bir yil ushbu lavozimda xizmat qildi va muassasa rahbariyatining ishonchini qozondi. Shundan soʻng uni shahodatlangan xodim sifatida xizmatga qabul qilishdi. Endi kichik serjant Oymonjon Polvonova tergov hibsxonasi nazoratchisi lavozimida faoliyat yurita boshladi.
Albatta, ayol kishi uchun har qanday ob-havo sharoitida minora ustida turib, mahbuslarning yurish-turishini, xatti-harakatlarini nazorat qilish ancha qiyin va masʼuliyatli vazifa edi. Bunda unga ustozlarining maslahatlari, nasihatlari ancha naf berdi. Harbiycha hayotning mashaqqatini oʻz boshidan kechirgan kichik serjant Oymonjon Polvonova barchasiga bardosh berdi va tanlagan kasbiga boʻlgan sadoqatini namoyon etdi. Mahbuslarning kechki sayrini minoradan turib kuzatayotgan Oymonjon birdan hushyor tortdi. Chunki safda borayotgan mahbuslardan biri kutilmaganda yuz tuban yerga yiqildi-yu, tipirchilay boshladi. Zudlik bilan muassasa shifokorlari yetib kelib, unga tibbiy muolajalar qilishdi. Bir zumda oʻziga kelgan mahbus yana safga qaytdi.
Ammo uning xatti-harakatlari Oymonjonda shubha uygʻotdi. Yosh nazoratchi darhol muassasaning tegishli xizmati bilan bogʻlanib, mahbusning oʻng qoʻl yengi ichida nimadir borligi haqida xabar berdi. Tezda gumonlanayotgan mahbus alohida xonaga olib kirildi va tintuv oʻtkazildi. Hushyor nazoratchi adashmagan edi. Oʻzini betobga solgan mahbus yuz tuban yiqilib, yerda yotgan temir parchasini yengi ichiga yashirgan edi. Hushyor nazoratchi kichik serjant Oymonjon Polvonova xizmat faoliyati davomida mahbuslarning bu kabi koʻplab noqonuniy harakatlarini fosh qilgan va muassasa rahbariyati tomonidan munosib ragʻbatlantirilgan.
Sohada kadrlarga boʻlgan talabning yetarli emasligi bois, katta leytenant Qobul Polvonov hamda kichik serjant Oymonjon Polvonovalarni IIVning Navoiy viloyatidagi harbiy qismlardan biriga xizmatga yuborishdi. Ular ushbu harbiy qismda oʻn yil samarali xizmat qilishdi.
Tugʻilib oʻsgan yurti Xorazmga qaytgan kapitan Qobul Polvonov profilaktika xizmatida, Oymonjon esa vaqtinchalik saqlash hibsxonasida xizmat faoliyatini davom ettirishdi. Yetarli tajriba va mahoratga ega boʻlgan urganchlik bu fidoyi insonlar oʻttiz yil ichki ishlar organlari sohasida sidqidildan xizmat qilishdi va izzat-hurmat bilan pensiyaga chiqishdi. Ayni kunda sakson yetti yoshni qarshilagan lavhamiz qahramoni mahallaning toʻy-u maʼrakalariga bosh boʻlib, qoʻni-qoʻshnilarning, yosh oilalarning bir birlariga mehr-oqibatli boʻlishida oʻz nasihatlarini, maslahatlarini berib kelmoqda.
- Erkak kishini oilaning mohir meʼmori, desak, aslo xato boʻlmaydi, — deydi Oymonjon aya turmush oʻrtogʻining suratiga tikilarkan. — Chunki u zimmasidagi vazifa qanchalik masʼuliyatli boʻlmasin, oilani nihoyatda mustahkam qilib bunyod etishga, moddiy va maʼnaviy taʼminlashga, u yerda qatʼiy tartib-intizom oʻrnatishga harakat qiladi. Ana shunday tarzda barpo etilgan oila hayotning har qanday qiyinchiliklariga bardosh bera oladi. Rahmatlik turmush oʻrtogʻim ham hayotimizni, turmush tarzimizni ana shunday mustahkam rishtalar bilan bogʻlab, mehr-oqibatning baquvvat ustunlarida bunyod etdi. Ertani oʻylab qilingan bu harakatlar besamar ketmadi.
Ularning farzandlari podpolkovniklar Jumanazar hamda Bekturdi Polvonovlar otasi izidan borib, yurtimiz osoyishtaligini taʼminlashga oʻz hissasini qoʻshishdi. Kenja Alisher esa hayotini sportga bagʻishladi. Qizlari ham turli sohalarda mehnat qilishyapti. Demak oila dargʻasi boshlagan xayrli ishlar davom etmoqda.
Xudoybergan Jabborov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Xorazm viloyati