Davlat hokimiyati organlari rahbarlari va sektor boshliqlari uchun alohida oʻquv-amaliy seminar oʻtkazildi
2024-12-12 16:35:00 / Yangiliklar
Tadbir jarayonida tinglovchilarga jamoat xavfsizligini taʼminlash, mahallalarda tinch va xavfsiz muhit yaratish, shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda sektor rahbarlarining vazifalari haqida atroflicha maʼlumot berildi. Xususan, jinoyatchilikning oldini olish, jinoyatlarni fosh etish va mahallalarda jinoyatlar sonini keskin kamaytirish boʻyicha aniq vazifalarga eʼtibor qaratildi.
“Obod va xavfsiz mahalla“ tamoyili doirasida ijtimoiy profilaktika tizimining samaradorligini oshirish choralari ham koʻrib chiqildi. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabrdagi qarori asosida ijtimoiy profilaktika obyektlari bilan ishlashga oid tavsiyalar berildi.
Seminar doirasida “Xavfsiz oila” tamoyili, mahallada xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan tajribalar, jinoyatlar muhokamasi, yoshlar bilan ishlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, shuningdek, kambagʻallikni qisqartirishga oid dolzarb muammolarni hal etish boʻyicha interfaol oʻquvlar oʻtkazildi.
Mazkur oʻquv seminari 21-dekabrgacha 3 bosqichda va 3 ta guruh bilan oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Har bir guruhda 250 nafardan ortiq tinglovchi ishtirok etayotgan boʻlib, quidagi bosqichda vazirlik va idora masʼullari, shuningdek, Fargʻona, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo va Namangan viloyatlari sektor rahbarlari qatnashmoqda.