Qoʻllashib koʻtargan yuk yengil. Olti oyda «qizil» toifadan «yashil»ga
2024-12-11 07:15:00 / Yangiliklar
Sirdaryo viloyati bilan chegarada joylashgan «Markaziy»mahallasi tumandagi chekka hududlardan biri sanaladi. U bundan 11 oy muqaddam kriminogen vaziyati ogʻir hududlar toifasida edi. Katta leytenant Rizamat Polvonov profilaktika inspektori etib tayinlangach, hammasi oʻzgardi. Muqaddam tuman IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi va «Beshkapa»mahallasida namunali xizmat faoliyatini olib borgan jonkuyar xodim bu yerda ham salohiyatini namoyon eta oldi.
Profilaktika inspektorining hamkorlikda olib borgan saʼy-harakatlari tufayli mahalla uch oyda «sariq», oradan yana shuncha vaqt oʻtib «yashil»toifadan oʻrin oldi. Buning uchun, avvalo, 2100 nafar aholi istiqomat qiladigan hududning «jinoyat uchoq»lariga kuzatuv kameralari oʻrnatilib, tungi xizmat kuchaytirildi. Ichkilikbozlikka ruju qoʻygan va profilaktik roʻyxatdagi shaxslar bilan muntazam tushuntirishlar olib borildi. Shu bilan birga, 50 nafar ishsiz fuqaro foydali mehnatga jalb qilindi, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan va nogironligi boʻlgan shaxslarga homiylar biriktirildi.