Qariyb 29 mlrd soʻm zarar keltirgan mayning ferma faoliyatiga chek qoʻyildi
2024-12-05 20:55:00 / Yangiliklar
Bugun bu kabi pul ishlash yoʻlini tanlaganlar talaygina, biroq Samarqandda belgilangan tartibni buzib, mayning ferma tashkil etgan shaxs qoʻlga olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida fuqaro Ishtixon tumanida mayning faoliyatini yoʻlga qoʻyib, 28,9 mlrd soʻm yoki 2,2 mln AQSH dollardan ortiq elektr energiyasini oʻgʻirlaganligi aniqlandi.
Mazkur tadbirlar davomida, oʻzidan soxta tadbirkor yasab olgan shaxs 189 dona “Antiminer” nomli mayning qurilmalaridan foydalanib, soʻnggi 3-yil davomida umumiy isteʼmoldagi elektr energiyasiga oʻzboshimchalik bilan ulanib kelganligi maʼlum boʻldi.
Hisob-kitob natijalariga koʻra, elektr tarmoqlaridan noqonuniy foydalanilishi oqibatida davlat byudjetiga 28,9 mlrd soʻm miqdorida zarar keltirilganligi maʼlum boʻldi.
Hozirda mazkur holat boʻyicha tergovga qadar tekshiruv olib borilib, Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatish choralari qoʻrilmoqda.
Unutmang, mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirish javobgarlikka sabab boʻladi!
IIV Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi