Buxoro viloyati huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha idoralararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi
2024-12-05 06:55:00 / Yangiliklar
Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi raisligida videokonferensaloqa tizimi asosida oʻtgan ushbu muhokama yigʻilishida, viloyat prokurori Ulugʻbek Hamdamov, idoralararo komissiyaga aʼzo idoralarning viloyat hamda hududiy mutasaddi rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning taalluqli masʼul xodimlari ishtirok etishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-mart kunidagi PQ-2833-sonli “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qaroriga asosan tashkil etilgan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha viloyat idoralararo komissiyasi raisi sifatida boshqarma boshligʻi oʻtgan davr mobaynida komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda yoʻl qoʻyib kelinayotgan tizimli kamchiliklar xususida soʻz yuritdi.
Tanqidiy hamda tahliliy tarzda oʻtgan muhokama yigʻilishida bugungi yigʻilishning asosiy maqsadi, kelgusidagi vazifalar va viloyat idoralararo komissiya faoliyatini toʻlaqonli tashkil etish, oʻzaro hamkorlik va axborot almashinuvini yangi bosqichga olib chiqish borasida ham aytib oʻtdi.
Viloyat hududida sodir etilgan jinoyatlar “sohabay“ tahlil qilinib, komissiyaga aʼzo idoralar, korxona va tashkilot rahbarlari hamda ishchi-xizmatchilari tomonidan kasbiy faoliyat bilan bogʻliq boʻlgan yoki boshqa turdagi jinoyatlarning sodir etilishiga yoʻl qoʻyib kelinayotgani tanqid qilindi.
Tibbiyot, oliy, oʻrta-maxsus va umumiy oʻrta taʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, bank va hokimiyat vakillari, shuningdek boshqa idoralar masʼul rahbarlari va ishchi xizmatchilari tomonidan sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar har bir sohaning oʻzida, mutasaddilar va xodimlar ishtirokida keng muhokama qilinishi lozimligi, bunda aynan rahbar xodimlarning javobgarlik masalasini kuchaytirish lozimligi, ularning shaxsiy javobgarligini oshirish xususida qarorlar qabul qilindi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 31-may – 1-iyun kunlari Buxoroga qilgan tashrifi davomida, viloyatda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish hamda jamoat xavfsizligi borasida amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy muhokama qilib, belgilab berilgan galdagi muhim vazifalar hamda 2024-yil yakuniga qadar jinoyatchilikni keskin kamaytirish boʻyicha “Favqulodda ish tartibi” ning joriy etilganligini har bir komissiyaga aʼzo idora rahbarlarining oʻzlari chuqur anglagan holda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan uzviy hamkorlikni yoʻlga qoʻygan holda, olib borilayotgan keng koʻlamli profilaktik ishlarni yanada kuchaytirish borasida kelishib olindi.
Bunda, eng avvalo mahallalarda mavjud ijtimoiy muammolarni aniqlab hal etish, uzoq muddatga chet elga ketgan yoki qaytib kelgan fuqarolar hamda ularning oila aʼzolari bilan tizimli ishlash, oila-turmush doirasidagi nizolarni bartaraf etish, ayniqsa xotin-qizlar, yoshlar hamda voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, ichki ishlar hamda sogʻliqni saqlash idoralarining maxsus hisobida turuvchi shaxslar bilan profilaktik hamda manzilli ishlarni olib borishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi qayd etildi. Har bir koʻtarilgan masala yuzasidan muhokamada ishtirok etgan masʼullarning fikr va takliflari olinib, galdagi vazifalarga oid koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati