Yoshlar — kelajak bunyodkori. Izlanish va oʻrganish samarasi
2024-11-28 16:40:00 / Yangiliklar
Poytaxtimizning Yunusobod tumani IIOFMB psixologik taʼminlash guruhi katta psixologi, leytenant Ilhom Ibragimov ichki ishlar organlarida faoliyat boshlaganiga endigina 3 yildan oshayotgan boʻlsa-da, u ustozlaridan hamda hamkasblaridan bilmaganlarini oʻrganib amaliyotga tatbiq etmoqda.
Xususan, shaxsiy tarkib oʻrtasida psixologik targʻibot-tashviqot ishlarini olib boradi. Psixodiagnostik oʻrganishlar davomida xodimlarga kun davomida, xizmat olib borish jarayonida fuqarolar bilan boʻladigan turli xil ziddiyatli vaziyatlarda agressiyaga berilmaslik, xotirjamlik bilan tushuntirish ishlarini amalga oshirish, qoʻpollik qilmaslik, fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan iliq fikrlar shakllanishiga erishish kerakligi toʻgʻrisida psixologik tavsiyalar va maslahatlar berib borish faoliyatining ajralmas qismidir.
- Xodimlar bilan oʻtkazilgan suhbatlar davomida koʻpchiligi oilaviy masalalarni hal etish hamda ijtimoiy ahvol boʻyicha amaliy yordam soʻrashadi, — deydi lavhamiz qahramoni. — Bu boʻyicha rahbariyatga murojaat qilinib, har bir xodim alohida oʻrganilib, amaliy yordam berish choralari koʻrilmoqda.
Leytenant I. Ibragimov xizmatdan boʻsh vaqtlarida sport bilan ham muntazam shugʻullanib keladi. U kurash boʻyicha oʻtkazilgan musobaqalarda sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan.
Ilhomjon kelgusida yetuk kadr boʻlib yetishishi uchun bilimi, tajribasi va koʻnikmasini yanada oshirishi lozimligini juda yaxshi his qiladi. Shuning uchun ham izlanishdan, oʻrganishdan erinmaydi.
Sarvar SOBIROV, oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.