Toshkent shahar IIBB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlar faoliyatining natijalari haqida
2024-11-28 10:00:00 / Yangiliklar
Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlar faoliyati ayollarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, diskriminatsiya va zoʻravonlikning barcha shakllariga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, huquqbuzarliklarni erta davrda oldini olishga qaratilgan. Ushbu yoʻnalishlarda katta inspektorlar va manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda 2024-yilning 10 oyi davomida sezilarli ishlar amalga oshirildi.
Oʻtgan davrda Toshkent shahrida turli xil tazyiq va zoʻravonliklardan jabr koʻrgan xotin – qizlarga 1623 ta himoya orderlari berildi. Ulardan 457 nafari jismoniy zoʻravonlik, 58 nafari iqtisodiy zoʻravonlik, 1063 nafari ruhiy zoʻravonlik, 45 nafari esa boshqa tazyiqqa uchragani maʼlum boʻlgan. Himoya orderi berish natijasida: 755 ta oila yarashtirildi. 742 ta nizo bartaraf etildi. Shuningdek, xotin – qizlarning 92 nafari reabilitatsiya markaziga joylashtirilib, tibbiy va psixologik koʻmaklar berildi.
Bundan tashqari, xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlar manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda quyidagi ishlarni amalga oshirdilar: 356 nafar ayol ishga joylashtirildi, 726 nafar ayolga moddiy yordam koʻrsatildi, 70 nafari tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda qoʻllab-quvvatlandi.
Shu bilan birga, hisobot davrida ayollar uchun 3.3 mingdan ortiq sport va madaniy-ommaviy tadbirlar tashkil etildi. Mahallada va taʼlim muassasalarida huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldini olish, ayollar huquqi va erkinliklari boʻyicha qonunlarni tushuntirishga qaratilgan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Shuningdek, 2024-yil 20-oktyabrdan 20-noyabrgacha inspektorlar tomonidan “Oilaviy nizolarni mediatsiya tartibida hal etish” yoʻnalishida maxsus profilaktik tadbir tashkil etildi. Ushbu tadbir davomida 348 ta ajrim yoqasidagi oilalar oʻrganildi, 338 ta oila bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi, tushuntirish ishlari natijasida 151 ta oila yarashtirildi, 156 ta oiladagi nizolar bartaraf etildi, 116 ta oila muammolari hal etildi. 16 nafar ayol reabilitatsiya markaziga joylashtirildi. 260 nafariga yuridik yordam, 225 nafariga esa psixologik yordam koʻrsatildi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati