Tergovni bilimdonlar olib boradi. Qonuniy va xolis
2024-11-27 07:20:00 / Yangiliklar
Xonqa tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi xodimlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 99 ta jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlari olib borilib, shundan 74 tasi yakuniga yetkazildi. Tergov jarayonlarida 21 ta qoʻshimcha jinoyat aniqlanib, 4 ta holatda tomonlarning yarashuviga erishildi.
Xonqalik R.Tozagul (ism-shariflar oʻzgartirildi) ijtimoiy foydali mehnat bilan shugʻullanmasdan, oʻzgalar mol-mulkini gʻayriqonuniy ravishda qoʻlga kiritish maqsadida tovlamachilik jinoyatini sodir etdi. U xorijga ishga ketgan turmush oʻrtogʻining «Telegram» messenjeri orqali xonqalik N.Darmonjon bilan oʻrtalaridagi SMS xabarlarni aniqlab, ushbu yozishmalarni sir saqlashi va oʻchirib tashlashi evaziga undan 2 million soʻm pulni tovlamachilik yoʻli bilan qoʻlga kiritadi. Rejasi osongina amalga oshganidan xursand boʻlgan Tozagul oradan ikki kun oʻtgach, Darmonjonga qoʻngʻiroq qilib, yana 300 AQSH dollari berishni talab qiladi. Uning qilmishlaridan sabr kosasi toʻlgan Darmonjon ichki ishlar organiga murojaat qiladi. Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida ayol oʻz uyida Darmonjondan 100 AQSH dollari hamda 2 million 500 ming soʻm pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olinadi.
- Jinoyatga qoʻl urgan kimsalar nihoyatda ehtiyotkorlik bilan harakat qilishadi, — deydi Tergov guruhi katta tergovchisi, mayor Jalolbek Bobojonov. — Oʻz rejalarini guvohlarsiz amalga oshirish, voqea joyida iz qoldirmaslik choralarini koʻrishadi. Ammo tergov-tezkor guruhining tajribali, sinchkov xodimlari ularning bu xomxayollarini puchga chiqarib, jinoyatga aloqador barcha ashyoviy dalillarni topishadi. Bu jinoyatni fosh etishda muhim omil sanaladi.
Xudoybergan JABBOROV, oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
Suratda: mayor Jalolbek Bobojonov profilaktika inspektori, mayor Akbar Xudoyberganov bilan xizmat paytida.