Buxoro viloyati IIB boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov viloyat 3-sektoriga qarashli Gʻijduvon tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi
2024-11-27 06:25:00 / Yangiliklar
Bugungi kunda Buxoro viloyatining 3-sektoriga qarashli hududlarda ham aholining ijtimoiy iqtisodiy muammolariga yechim topish, hududlarni obodonlashtirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy tipdagi ijtimoiy obyektlarni qurish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Gʻijduvon tumanida boʻlgan viloyat 3-sektor rahbari Ikromjon Tursunov tumanda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar surʼati bilan tanishdi.
Gʻijduvon viloyatimizning iqtisodi rivojlangan tumanlaridan biri boʻlib, ushbu tumanga qoʻshni viloyat hamda tumanlardan koʻplab fuqarolar savdo-sotiq ishlari bilan tashrif buyurishadi.
Shu sababli tumanda faoliyat olib borayotgan savdo markazlari hamda bozorlar doimo gavjum.
Bugungi kunda tuman dehqon bozori oldida avtomashinalar tirbandligini hamda yoʻl transport hodisalarini oldini olish, fuqarolarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida zamonaviy yer osti yoʻlagi barpo etilmoqda.
Ushbu obyektda olib borilayotgan qurilish taʼmirlash ishlarini koʻzdan kechirgan boshqarma boshligʻi tuman mutasaddilari hamda pudratchi tashkilot vakillari bilan qurilish ishlarida mavjud muammolarni oʻrgandi va jarayonda qurilish ishlarining reja grafigiga amal qilinishi, sifatga alohida eʼtibor qaratish lozimligi yuzasidan oʻzining bir qator tavsiyalarini berdi.
Shundan soʻng tuman Madaniyat Markazi binosining qurilish jarayonini ham koʻzdan kechirdi. Bu yerda ham viloyat 3-sektor rahbari ushbu inshootni ham zamon standartlari asosida, yuqori sifat darajasida tez fursatlarda foydalanishga topshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Shuningdek, boshqarma boshligʻi Gʻijduvon tumanining Yangi Oʻzbekiston massivida “Yashil makon“ umummilliy loyihasi doirasida barpo etilishi rejalashtirilayotgan yangi bogʻ uchun tanlangan yer maydonini tayyorlash borasidagi ishlarni ham borib oʻrganib, bogʻ hududiga iqlim sharoitidan kelib chiqib, mevali hamda manzarali daraxt koʻchatlarini oʻtqazish, bogʻni sugʻorish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan oʻzining tegishli tavsiya hamda koʻrsatmalarini berdi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati