Faxriylar — faxrimiz. Sobitu sayyorada inson oʻzing, posbon oʻzing
2024-11-21 07:40:00 / Yangiliklar
Hayotda turli vaziyatlarga duch kelamiz, turfa sinovlarni boshdan oʻtkazamiz. Baxtli, baxtsiz kunlarda yashaymiz. Ammo nima boʻlganda ham, inson degan buyuk maqomga munosib boʻlmoq, asliyatimizdagi odamiylik atalmish fazilatlarni saqlab qola bilmoq kerak. Chunki ortimizdan qoladigani ham yaxshiligimiz, insoniyligimiz va yaxshi nomimiz boʻladi.
Uzoq yillar ichki ishlar organlarida jinoyat qidiruv yoʻnalishida xizmat qilgan isteʼfodagi podpolkovnik Ahad Mahmudov ana shunday hayotiy maqsad bilan umr kechirdi. Faoliyatini 1975-yilda Angor tumani IIBda boshlagan kezlardayoq ziyrakligi bilan ustozlari eʼtiboriga tushgan qahramonimiz qariyb 30-yil davomida Termiz shahri, Muzrabot va Oltinsoy tumanlari IIB uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda, koʻplab jinoyatlarning “issiq izida” ochilishida jonbozlik koʻrsatdi.
— Agar kishi tanlagan sohasini sevmasa, uning sir-asrorlarini chuqur bilmasa, muhim vaziyatlarda qoqiladi, — deydi A. Mahmudov. — Shuning uchun ham, eng avvalo, kasbimni sevishni oʻrgandim. Har bir ishni oxiriga yetkazishni odat qildim. Tunda boʻladimi, kunduzimi, zimmamga yuklangan vazifani halol ado etishdan boʻlak tashvishim boʻlmasdi. Negaki, halollik inson uchun eng kerakli narsa. Gʻirrom boʻlsangiz, hayotingizda shu vaziyat, albatta, oʻzingizga qaytadi.
Tajriba yillar oʻtib, oʻz soʻzini aytadi. Ahad Mahmudov ham ana shu chigʻiriqlardan oʻtgan faxriy xodim sifatida bugun bilganlarini yosh shogirdlariga oʻrgatmoqda.
Odatdagi tunlarning biri. Ahad Mahmudov Termiz shahri koʻchalaridan birida navbatchilik oʻtayotgan paytida 2 nafar kishi roʻparasidan kelayotganini koʻradi. Vaqt allamahal boʻlgani bois, tabiiy ravishda ularni toʻxtatib, suhbatlashmoqchi boʻladi. “Qoʻrqoq oldin musht koʻtarar” boʻlmasligi uchun nomaʼlum shaxslar ham unga ergashib, IIB binosiga borishadi. Shaxsiga aniqlik kiritilayotgan paytda ulardan biri qotillik jinoyatini sodir qilganligi aniqlanadi. Shu tariqa qonun adolati taʼminlanishiga erishiladi.
2005-yilda isteʼfoga chiqqan Ahad Mahmudov hozirda viloyat Hakamlik sudida bosh yurist boʻlib ishlaydi. Bir oʻgʻil, bir qizning otasi, 8 nabiraning mehribon bobosi, nasihatgoʻyi.
- Shukrki, farzandlarim ham bugun el xizmatida. Endi nabiralarimning tarbiyasiga eʼtibor qaratyapman. Ular sport bilan shugʻullansa, yaxshi oʻqisa, men quvonaman. Ular bilan koʻproq muloqot qilib, katta olmazor bogʻimizda birga-birga mehnat qilib, rohatlanaman.
Fyeruza RAHMONQULOVA, oʻz muxbirimiz.
Surxondaryo viloyati.