Yurtimizga Xitoy Xalq Respublikasi Pekin politsiya kolleji prezidenti Vu Vey boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi
2024-11-18 09:00:00 / Yangiliklar
Xitoylik mehmonlar dastlab Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati bilan tanishdilar.
Delegatsiya vakillariga zamonaviy taʼlim jarayonlari, bakalavriat va magistratura bosqichining oʻziga xos xususiyatlari, professional kadrlar tayyorlashga qaratilgan ilgʻor yondashuvlar, akademiyaning ilmiy salohiyati va xalqaro hamkorlik aloqalari haqida maʼlumot berildi.
Axborot-resurs markazi, oʻquv binolari, ixtisoslashgan maxsus avtotransport vositalari, sport kompleksi bilan tanishish jarayonida mehmonlar taʼlimning zamonaviy yoʻnalishlari va tinglovchi-kursantlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadilar.
Shundan soʻng delegatsiya aʼzolari ishtirokida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston – Xitoy munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari, global sharoitda hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yoʻnalishlari xususida fikr almashildi.
Akademiya boshligʻi Rustam Xatamov mamlakatlarimiz oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlikning yangi formati shakllanib, manfaatli aloqalar strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini eʼtirof etdi.
Keyingi yillarda Xitoyning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan oʻzaro tajriba almashinuvi kengaygani, mazkur yoʻnalishda hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv davomida Pekin politsiya kolleji prezidenti Vu Vey soʻz olib, xalqlarimizni oʻzaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan mustahkam rishtalar bogʻlab turishini alohida qayd etdi.
– Buyuk ipak yoʻli koʻp asrlik doʻstona aloqalarimizdan darak beradi. Tarix sinovlaridan oʻtgan rishtalar bugunga kelib mustahkam hamkorlikka aylandi va bu taraqqiyot yoʻlidan dadil odimlayotgan mamlakatlarimiz ravnaqiga xizmat qilmoqda. Tashrifdan koʻzlagan maqsadimiz ham munosabatlarimizni yanada mustahkamlash va manfaatlarimizga mos yoʻnalishlarda yangi bosqichga olib chiqishdir, – dedi delegatsiya rahbari Vu Vey
Muloqot chogʻida IIV akademiyasi va Pekin politsiya kolleji oʻrtasida memorandum imzolash, taʼlim, ilmiy-tadqiqot va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, tomonlarning ilgʻor yondashuvlarini oʻrganish masalalari muhokama qilindi.
Taʼlim muassasalari rahbarlari samimiy ruhda oʻtgan uchrashuv ahamiyatini eʼtirof etgan holda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya aʼzolari Toshkent shahar IIBB boshligʻi, general mayor Aziz Toshpoʻlatov bilan uchrashdilar. Ikki tomonlama uchrashuvda jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida tajriba almashish, huquq-tartibot organlari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, hamkorlikda malaka oshirish kurslarini tashkil qilish yuzasidan fikr almashildi. Shundan soʻng mehmonlar Axborot multimedia markazi va “Shon-sharaf” muzeyini tomosha qildilar.
Tashrifning ertasi kuni yurtimiz mehmonlari Samarqandda boʻlib, Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi hamda shaharning madaniy meros obyektlari va diqqatga sazovor joylari bilan tanishdilar.
Mamlakatimizning turizm salohiyati, sayyohlar uchun yoʻlga qoʻyilgan xavfsiz sharoitlar, ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati