Ichki ishlar vazirligi Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishni targʻib etuvchi videoroliklar tanlovini eʼlon qiladi
2024-11-11 18:00:00 / Yangiliklar
Tanlov 2024-yilning noyabr oyi davomida Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashovchi barcha fuqarolar, shuningdek chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar oʻrtasida butun respublika miqyosida yagona bosqichda oʻtkaziladi.
Tanlovda ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan barcha xodimlar va harbiy xizmatchilar ham qatnashishi mumkin.
Tanlovda taqdim etiladigan videoroliklarda yurtimizda korrupsiya sohasidagi huquqbuzarliklarni oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek korrupsiyaning turli koʻrinishlarini oldini olishga va ular haqida tushuntirish (maʼlumot) beruvchi targʻibot-tashviqot materiallari, jamiyatdagi mavjud muammoli holatlar, ularning yechimlari boʻyicha innovatsion gʻoyalar va takliflar turli koʻrinish hamda janrlarda aks ettirilishi mumkin.
Bitta ishtirokchi bir nechta videoroliklar taqdim etishi mumkin, bunda videorolik davomiyligi 3 daqiqadan oshmasligi va sifatli formatda suratga olinishi lozim.
Tanlovgacha boʻlgan muddatda biror-bir ommaviy axborot vositalari, Internet veb-resurslari yoki ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilgan videoroliklarning tanlovda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi
Tanlovga materiallar 2024-yilning 30-noyabr kuniga qadar telegramdagi “iiv_tanlov_antikor” manzili orqali yuboriladi.
Ishtirokchilar yuqoridagi telegram manziliga oʻzining bogʻlanish uchun telefon raqami (xx) xxx-xx-xx, shaxsini tasdiqlovchi hujjatini yuborishlari kerak..
Tanlovga taqdim etilgan materiallarning eng saralari Vazirlik Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi tomonidan Vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallari va sahifalari orqali namoyish etiladi.
Tanlov gʻoliblari 9-dekabr – “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni” arafasida tantanali ravishda taqdirlanadi va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.