IIV Akademiyasida Kursantlar ilmiy jamiyati faoliyat boshladi. Yoshlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda uning maqsad va vazifalari atroflicha tushuntirildi
2024-11-07 09:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda akademiya boshligʻi oʻrinbosari Ruftullo Nigmatov soʻz olib, mazkur tashabbus kursantlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, yosh tadqiqotchilar safini kengaytirish, tizim uchun ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash uchun muhim qadam boʻlganini taʼkidladi.
Aytib oʻtilganidek, endilikda yoshlarning ilmiy-ijodiy salohiyatini rivojlantirish boʻyicha samarali chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Yangi tizim orqali taʼlim, amaliyot va ilmiy-tadqiqot faoliyati oʻrtasidagi uzviylik yanada mustahkamlanadi. Eng muhimi, ilmga qiziquvchi kursantlar uchun imkoniyatlar kengayadi.
Shu kuni Kursantlar ilmiy jamiyati kengashining birinchi yigʻilishi ham boʻlib oʻtdi. Unda ilmiy jamiyat tarkibi va joriy oʻquv yiliga moʻljallangan ish rejasi muhokama qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi. Kursantlar taklif va mulohazalari bilan oʻrtoqlashib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati