Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida “Tengdoshimga huquqiy yordam” asosida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi
2024-11-06 10:20:00 / Yangiliklar
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-sentyabrdagi “2024-2025-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori hamda Ichki ishlar vazirligining joriy yil 18-oktyabrdagi tegishli koʻrsatmasiga asosan, 5-noyabr kuni Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida viloyat yoshlar ittifoqi, Termiz Davlat universiteti, Termiz muhandislik va agrotexnologiyalari universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali universiteti talabalari ishtirokida “Tengdoshimga huquqiy yordam” tadbiri tashkil etildi.
Tadbir avvalida viloyat Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻi oʻrinbosari mayor Husan Nurmatov tomonidan talabalarga bugungi tadbir haqida maʼlumot berib, bevosita bugungi kunda tizimda kadrlar bilan taʼminlash xizmati yoʻnalishida ham amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tushunchalar berib oʻtdi.
Shundan soʻng, talabalar viloyat ichki ishlar boshqarmasi Ekspert-kriminalistika markazi boʻlimi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Turizmda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Bunda talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan ijobiy javoblarni olishdi.
Tadbir ishtirokchilariga kelajakda biror-bir salbiy holat natijasida huquqbuzar yoki sodir etilgan huquqbuzarlikdan jabrlanuvchiga aylanib qolmasliklarini oldini olish maqsadida qisqa vaqt ichida boʻlsa ham mutaxassislar tomonidan tushunchalar berildi.
Bu kabi tadbirlarni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad esa yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati