Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida 25 – oktyabr “Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi
2024-11-04 19:50:00 / Yangiliklar
Dono xalqimiz bisotida eng koʻp aytiladigan ibora va hikmatlar, hatto nuroniylarimiz duolaridan tushmaydigan ulugʻ niyat bu tinchlikdir. Yurt tinchligini saqlash masʼuliyatini boʻyniga olgan insonlar esa ikki karra fidoyi boʻlmogʻi lozim boʻladi. Bugun ichki ishlar organlari safida xizmat qilayotgan har bir xodim ham yurt tinchligi fuqarolarning osoyishtaligi yoʻlida fidokorona xizmat olib bormoqda.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida “25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni“ munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda ham ushbu jihatlar alohida eʼtirof etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻining olib kirilishi va davlat madhiyasini ijro etish bilan boshlangan tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov va sektor rahbarlari, huquq-tartibot organlari rahbarlari, videokonferensaloqa tizimi orqali ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tuzilmalari, shuningdek, hududiy ichki ishlar organlarining barcha shaxsiy tarkibi, mehnat faxriylari, xizmat vaqtida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Dastlab, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni“ munosabati bilan soha xodimlariga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi. Viloyat hokimi oʻz soʻzida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, fuqarolarning qonuniy haq-huquqlarini himoya qilishda ichki ishlar organlari xodimlarining sharafli va mashaqqatli xizmatlarini alohida eʼtirof etdi.
Shundan soʻng viloyat IIB boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonovning bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.
Boshqarma boshligʻi oʻz soʻzida soʻngi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida ichki ishlar organlari tizimida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar xususida alohida toʻxtalib, Buxoro viloyati Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida olib borayotgan xizmatlari yuksak baholanayotganini taʼkidlab oʻtdi.
Shundan soʻng, bayram munosabati bilan taqdirlangan bir guruh viloyat ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegish Farmoniga asosan, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari, Jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi podpolkovnik Oʻktam Askarovga “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan mukofotlanganligi eʼlon qilindi.
Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrugʻi asosida, vatanimiz tinchligi va el-yurt osoyishtaligini taʼminlash yoʻlidagi koʻp yillik fidokorona xizmatlari, jinoyatchilikka qarshi kurash va uni oldini olish borasidagi samarali mehnati, oʻz xizmat burchini bajarish chogʻida mardlik va jasorat koʻrsatgan xodimlar “Aʼlo xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni, “Benuqson xizmatlari uchun” birinchi, ikkinchi, uchinchi darajali koʻkrak nishonlari, kitoblar toʻplami, pul mukofotlari, muddatidan avval “podpolkovnik” hamda navbatdagi “mayor“ va “leytenant“ maxsus unvonlari bilan taqdirlanishdi.
Shu bilan birga bayram munosabati bilan viloyat hokimi, prokuratura, soliq, Milliy gvardiya hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining minnatdorchiligi va esdalik sovgʻalari ham tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir davomida viloyat ichki ishlar organlari xodimlarining bir guruhi Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining esdalik qoʻl soati, ota-onalariga minnatdorchilik xati hamda “Eng yaxshi profilaktika inspektori”, “Eng yaxshi tergovchi”, “Eng yaxshi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar targʻibotchisi” nomi ostida oʻtgan koʻrik-tanlovlar gʻoliblariga turli darajadagi mukofotlar, shu bilan birga xodimlarga uy-joy sotib olishlari uchun dastlabki badal pullari taqdim etildi.
Bundan tashqari, bayram munosabati bilan boshqarma boshligʻining buyrugʻi bilan, 848 nafar xodimlar pul mukofoti bilan taqdirlangan boʻlsa, 125 nafar xodimlarning harakatdagi intizomiy jazolari muddatidan avval bekor qilindi.
Bayram munosabati bilan shaxsiy tarkib, faxriylar va xizmat vaqtida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolariga qaratilgan bunday eʼtibor, xodimlarimiz oʻrtasida Ona Vatanga hamda kasbiga boʻlgan sadoqat ruhini kuchaytirib, kelgusida xizmat samaradorligining oshishiga zamin yaratadi albatta.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati