Yoshlar — kelajak bunyodkori. Istiqbol ostonasi
2024-11-03 18:00:00 / Yangiliklar
Yoshlik inson umrining orzu-maqsadlarga, intilishlarga qanot boʻlguvchi istiqbol ostonasidir. Oramizda bu aqidani hayotining bosh shioriga aylantirgan yoshlar juda koʻp. IIV Akademiyasining 3-bosqich kursanti Abduqodir Zokirov ham shunday intiluvchan yoshlardan biri.
Abduqodir bir kuni, oyi-jon, bugun maktabimizda ichki ishlar organlari xodimlari bilan uchrashuv boʻldi, deya kirib keldi, — deydi Shahnoza Sodiqova.
Oʻgʻlimning bolaligidan tirishqoq, ammo shu kungacha uning soʻzlarida bu qadar hayajon, koʻzlarida boshqacha bir havasni koʻrmagan edim. Keyinchalik Yunusobod tumanidagi oʻgʻlim oʻqiydigan 273-maktab ichki ishlar vazirligi otaligʻida ekanligini, unda xodimlar tashabbusi bilan tez-tez turli tadbirlar, uchrashuvlar oʻtkazilishidan xabardor boʻldim.
Shundagina oʻgʻlimning qiziqishlari bejiz emasligini tushundim. Kunlarning birida u dadasiga ham “Men ichki ishlar xodimi boʻlaman”, debdi. Biz farzandimizning bu qaroridan faqat xursand boʻldik. Uni qoʻllab-quvvatladik.
Abduqodir dastlab maktabda, keyinchalik IIV 1-sonli Toshkent akademik litseyida ham tengdoshlari orasida birinchilardan boʻlishga intildi.
Farzandidagi ishtiyoqni koʻrgan Bahodir aka hamda Shahnoza opa uni maqsadlari yoʻlida sobitqadam boʻlishga undadi. Buning samarasi oʻlaroq, lavhamiz qahramoni akademik litsey oʻquvchiligidayoq ichki ishlar vaziri stipendiyasi sohibi boʻldi.
Ushbu taʼlim muassasasini imtiyozli diplom bilan tamomlab, IIV Akademiyasiga oʻqishga kirdi.
Mehr qoʻygan sohaga oid bilimlarni mukammal oʻzlashtirishga astoydil kirishgan Abduqodir bu dargohda ham iqtidorli kursantlar safiga qoʻshildi. Ikkinchi kursda “Akademiya aʼlochisi” koʻkrak nishonini qoʻlga kiritdi.
Shu oʻrinda taʼlim muassasasi rahbariyati tomonidan uning ota-onasiga minnatdorlik xati, tashakkurnomalar yuborilganini taʼkidlash joiz.
Ertangi aniq maqsadlari yoʻlida qadamlari dadil kursant xalqaro miqyosidagi sinovlarda ham yaxshi natijalarga erishib ulgurgan.
Xususan, u 2023-yilda “Rossiya mundiri tarixi” onlayn xalqaro olimpiadasida uchinchi darajali diplom, joriy yilda “Jinoyat qonunchiligi muammolari” onlayn xalqaro olimpiadasida, “ilmiy-tadqiqot ishlari va loyihalari” onlayn xalqaro tanlovida ikkinchi darajali diplom bilan taqdirlangan.
“Elektron taʼlim resurslari (ETR)ni qoʻllash boʻyicha pedagogik mahorat xalqaro tanlovi” onlayn xalqaro musobaqada esa birinchi darajali diplomni qoʻlga kiritdi.
Shuningdek, oʻqishdagi yutuqlari va ijobiy fazilatlari bilan tengdoshlariga namuna koʻrsatgani uchun “Jaloliddin Manguberdi” nomidagi stipendiya sohibi boʻldi.
Oʻz ona tilimdan tashqari ingliz, rus, Belarus, ukrain tillarini ham yaxshi bilaman, -deydi Abduqodir. — Bu menga zarur bil imlarni yanada yaxshiroq oʻzlashtirishda qoʻl keladi. Toʻgʻri, til oʻrganish qiyin.
Ammo inson hech bir darajaga osongina erisha olmaydi. Oʻz ustida ishlash, oʻqib oʻrganish, sabr, iroda bilan harakat qilish yaxshi natijalarga yetaklaydi, albatta. Bunda ustozlarimdan olgan bilimlar ham nihoyatda qimmatli ekanligini aytib oʻtishim kerak.
Kelgusida oʻqishni magistratura bosqichida davom ettirib, jinoyat huquqi yoʻnalishida ilmiy ish qilish niyatidaman.
Insonning imkoniyatlari behad keng. Faqat bu imkoniyatlardan toʻla foydalanilganidagina iqtidoru isteʼdod yuzaga chiqadi. Tengqurlariga oʻrnak boʻlib, koʻngliga tukkan maqsadlari yolida dadil odimlayotgan Abduqodir Zokirov ham bugun ushbu haqiqatni isbotlayotganiga shubhamiz yoʻq.
©️ “Postda” gazetasi, Gulnoza Turgʻunboyeva.