Buxoro viloyati IIB boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov Gazli shaharchasida oʻrganishlar olib bordi
2024-11-03 09:00:00 / Yangiliklar
Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov Buxoro viloyatining eng olis hududlaridan biri boʻlgan Gazli shaharchasida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligini oshirishga doir oʻrganishlar olib bordi.
Romitan tumani markazidan 100 km. uzoqlikda joylashgan Gazli shaharchasining Gazli, Baynalmilal va Qizilravot mahallalarida jami 6826 nafar aholi istiqomat qiladi.
Markazdan uzoqda joylashgan, kriminogen vaziyati bir muncha ogʻir hisoblangan ushbu hududdagi oʻrganishlar doirasida boshqarma boshligʻi dastlab 1-son Ichki ishlar boʻlinmasiga tashrif buyurdi.
Bu yerda boshqarma boshligʻi eng avvalo shaxsiy tarkibga yaratib berilgan mehnat sharoitlarini yaqindan oʻrgandi. Bunda xizmat xonalarida mavjud jihozlar hamda moddiy texnika taʼminotining ahvoli koʻzdan kechirildi.
Shuningdek, xodimlarning ish daftarlari, yurituvidagi hujjatlar va boshqa zaruriy holatlar birma-bir koʻrikdan oʻtkazilib, xizmat va ijro intizomi, nazorat kartochkalari va ularning ijrosi, profilaktik hisob yigʻma jildlarining yuritilishi ham taftishdan oʻtkazildi.
Oʻrganish davomida aniqlangan bir qator xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tuman Ichki ishlar boʻlimi va 1-son-Ichki ishlar boʻlinmasi rahbariyatiga aniq va manzilli topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Gazli shahri hududidan A-380 xalqaro avtomobil yoʻli oʻtgan boʻlib, bu yoʻnalishda ogʻir oqibatli yoʻl-transport hodisalari sodir etilmoqda.
Monitoring natijalariga koʻra, mazkur hududda sodir etilayotgan odamlar oʻlimi hamda tan jarohati bilan bogʻliq yoʻl transport hodisalari asosan haydovchilarning uzoq yoʻlda charchab, harakat vaqtida uxlab qolishi hamda boshqaruvni yoʻqotib, yoʻldan chiqib ketishi natijasida sodir boʻlmoqda.
Hozirgi kunda ushbu A-380 xalqaro avtomobil yoʻlining Gazli shahri hududidan oʻtgan qismida jami 4 ta YPX koʻchma postlari tashkil qilingan boʻlib, ushbu postlarda Yoʻl patrul xizmati xodimlarining boshqa sohaviy xizmatlar bilan hamkorlikda tunu-kun xizmat olib borishlari yoʻlga qoʻyilgan.
Postlarning asosiy vazifasi yoʻl transport hodisalarini oldini olish, uzoq yoʻl bosib kelayotgan haydovchilarning hushyorligini oshirish maqsadida ularni toʻxtatib, bir oz dam olishlari uchun imkon berish, turli mashqlarni bajartirib, soʻngra yoʻlida davom etishlariga ruxsat berishdan iborat.
Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi oʻrganishlari doirasida ushbu postlardagi xodimlarning xizmat jarayonlarini ham oʻrgandi.
Oʻrganishlar davomida boshqarma boshligʻi xodimlarga jinoyat va huquqbuzarliklar hamda yoʻl-transport hodisalarini oldini olish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish yuzasidan oʻzining bir qator tavsiyalarini aytib, mutasaddi rahbarlarga manzilli koʻrsatmalar berdi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati