Surxondaryoda oʻtkazilayotgan “Kelajak sari” profilaktik tadbirining navbatdagi bosqichida ishtirokchilar oʻquv-amaliy mashgʻulotlarida ishtirok etishdi
2024-11-02 09:35:00 / Yangiliklar
Xabaringiz bor, Surxondaryo viloyati hududida yashovchi 10 nafar 14 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishga moyil, tarbiyasi ogʻir, boʻlgan va salbiy xatti-harakatlar sodir etganligi uchun profilaktik hisobga olingan yoshlar (qizlar) oʻrtasida kelgusida oʻtkazilayotgan huquqbuzarliklarni sodir etishlarini yoxud oʻzlari huquqbuzarlik va jinoyat qurboniga aylanishlarini oldini olishga qaratilgan “Kelajak sari” profilaktik tadbiri oʻtkazilishi davom etmoqda.
Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida saqlanayotgan qizlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Kelajak sari” profilaktik tadbirining oltinchi kunida tadbir ishtirokchilarida “Vatanparvarlik” ruhini oshirish hamda Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida, Surxondaryo viloyati FVBga tashrifi tashkil etildi. U yerda yoshlarga maxsus texnika vositalari koʻrgazmasi tashkil etilib, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutaxassislari tomonidan favqulodda vaziyatlarda, tabiiy ofatlarda va texnogen avariya, yongʻinga qarshi vaziyatlarida harakatlanish yuzasidan oʻquv-amaliy mashgʻulotlari oʻtkazildi. Ushbu oʻquv-amaliy mashgʻulotlarida markaz tarbiyalanuvchilari ham ishtirok etishib, oʻzlarining kuch va mahoratlarini sinab koʻrishdi.
Bu kabi tadbirlarning tashkil etilganligi kelgusida yoshlarda harbiylik kasbiga, qutqaruvchilik, oʻt oʻchiruvchilik kasblariga boʻlgan qiziqishlarini oshirishdan iboratdir.
Kun davomida reja asosida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi bilan hamkorlikda, Angor tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Qandolatchilik” sirlaridan amaliy mashgʻulot tashkillashtirilib, bu jarayonda qizlar shirinliklar pishirishni oʻrganishdi.
Eslatib oʻtamiz tadbir yakunida har bir ishtirokchi qizlarga monomarkazda oʻrgangan kasb-hunari boʻyicha sertifikatlar taqdim etilishi rejalashtirilgan.
“Kelajak sari” profilaktik tadbiri oʻtkazilishi davom etmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati