Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida kursantlar va ularning ota-onalari ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi
2024-11-01 09:00:00 / Yangiliklar
Tarbiya, avvalo, oiladan boshlanadi. Har bir ota-ona oʻgʻil yoxud qizini oʻstirar ekan, farzandining bilimli boʻlishi, yaxshi xulq-atvorga ega boʻlishi, el-yurt koriga yarashini istaydi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida kursantlar va ularning ota-onalari ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda akademiya boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Sherzod Tadjimetov soʻzga chiqib, kelajagimiz vorislari boʻlmish yoshlar taqdiri davlatimizning doimiy eʼtiborida ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Tadbir davomida oʻqishi, tartib-intizomi, faolligi va boshqa ijobiy fazilatlari bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan kursantlarning ota-onalariga akademiya boshligʻining minnatdorlik xatlari topshirildi. Mehmonlar farzandlari erishayotgan yutuqlardan faxr hissini tuyib, ularga taʼlim-tarbiya berayotgan ustozlari va ofitserlariga minnatdorlik bildirdilar.
Shu kuni kursantlar oʻrtasida “Huquqiy arena” bellashuvi ham oʻtkazildi. Qiziqarli shartlardan iborat tanlov yakunida “Turon”, “Administratsiya” hamda “Adolat” jamoalari faxrli oʻrinlarga sazovor boʻldi. Tadbirdan soʻng ota-onalar akademiya boʻylab sayohat qilib, kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati