Yangi Oʻzbekiston — Yangi ichki ishlar organlari. Sharoitlar xorijnikidan qolishmaydi
2024-11-01 08:00:00 / Yangiliklar
Maʼlumki, tezkor va kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash uchun kuch va vositalarning oʻz vaqtida jalb qilinishi jinoyatlarni “issiq izida” fosh etish yoki barvaqt oldini olish imkonini beradi. Ichki ishlar organlari tezkor boshqaruv markazi subyektlarining asosiy vazifasi fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishdan iboratdir.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasining Tezkor boshqaruv markaziga 35 xil turdagi baza va 2500 ga yaqin kuzatuv kameralari integratsiya qilinib, uning negizida huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari, shuningdek, manfaatdor tashkilotlar bilan uzviy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. “102” hamda favqulodda shoshilinch xizmatlarning xabarlashuv tizimlari muvofiqlashtirib borilmoqda.
Eng soʻnggi uskunalar bilan jihozlangan majmua “Geoinformatsion elektron xarita” dasturi asosida ishlaydi. Tizim viloyatdagi koʻcha va jamoat joylarida xizmat olib borayotgan xodimlarni onlayn kuzatish, hodisa joyiga qisqa muddatda yetib borish imkonini beradi.
— Gumonlanuvchi shaxs-lar, qidiruvdagi jinoyatchilar, oʻgʻirlangan buyumlar va olib qochilgan transport vositalarini, qarovsiz qoldirilgan shubhali narsalarni, favqulodda vaziyatlar va hayot maromini taʼminlovchi muhim infratuzilma obyektlariga tahdidlarni aniqlashda markazning oʻrni gʻoyatda muhim, — deydi Tezkor boshqaruv markazi xodimi, mayor Feruz Xudayberdiyev.
Tizim “xavfsiz shahar”, “xavfsiz mahalla” maqsadlarini taʼminlash, huquqbuzarliklarni erta aniqlashda muhim oʻrin tutmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi oylarda 43 nafar qidiruvdagi, probatsiya nazoratida boʻlishiga qaramay, amaldagi tartibga rioya qilmagan 158 nafar shaxs qayd qilingan.
Abror POYONOV, oʻz muxbirimiz. Toshkent viloyati.