Poytaxtimizda buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek tavalludining 630 yilligiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi
2024-11-01 07:35:00 / Yangiliklar
Ajdodimiz haykali qad rostlagan maskanda oʻtgan tadbirda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-oʻqituvchilari, kursant va oʻquvchi yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Soʻz olganlar temuriylar davrining yirik namoyandasi, qomusiy olim va davlat arbobi Mirzo Ulugʻbekning hayoti va faoliyati, ibratli amallari, jahon ilm-fani rivojiga qoʻshgan bebaho hissasi, buyuk ajdodimizdan qolgan ulkan ilmiy-maʼrifiy meros haqida toʻxtalib oʻtishdi.
Mirzo Ulugʻbek saʼy-harakatlari bilan Samarqand oʻz davrining ilm-fan markaziga aylangani, bobokalonimiz homiyligi ostida koʻplab inshootlar barpo etilgani, “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari hozirgi paytda ham dunyo olimlari tomonidan katta qiziqish bilan oʻrganilayotgani eʼtirof etildi.
Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda yoshlar oʻz chiqishlari orqali bobоkalonimiz shaxsiyati va uning boy merosini oʻrganishga boʻlgan qiziqishlarini namoyon etdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati