Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunovning navbatdagi sayyor qabuli Jondor tumanining Yangiobod mahallasida oʻtkazildi
2024-11-01 06:55:00 / Yangiliklar
Davlatimiz rahbari tomonidan amaliyotga tatbiq etilgan aholi bilan doimiy muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali mexanizmi bugun yurtdoshlarimizning yillar davomida toʻplanib qolgan muammolari yechimiga xizmat qilmoqda.
Xabaringiz bor, Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov ham hududlarda boʻlib, bevosita aholining mavjud muammolarini oʻrganish, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazmoqda.
Boshqarma boshligʻi boshchiligida navbatdagi sayyor qabul Jondor tumanining Yangiobod mahallasi aholisi bilan oʻtkazildi.
Viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, Xalq qabulxonasi, tegishli tashkilot va idoralar masʼullari ishtirokida oʻtkazilgan ochiq muloqotda, 15 dan ortiq fuqarolarning 20 ga yaqin turli masalalardagi murojaatlari birma-bir koʻrib chiqildi.
Jumladan, ichki yoʻllarni shagʻallashtirish, suyultirilgan gaz taʼminotini yaxshilash, ish bilan taʼminlash, moddiy yordam, tadbirkorlikni kengaytirishda amaliy yordam berish, subsidiya asosida tikuv mashinasi olishda koʻmaklashish masalalari koʻtarildi.
Bunda murojaatlarning yechimiga alohida eʼtibor qaratilib, qoʻshimcha oʻrganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun muddat talab qilinganlari yuzasidan chora-tadbirlar belgilanib, tegishli mutasaddilarga zaruriy koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Qabuldan soʻng boshqarma boshligʻi tegishli tashkilot masʼullari hamda mahalla “yettiligi“ bilan mahallada ish samaradorligini oshirish yuzasidan muhokama yigʻilishini oʻtkazib, hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi murojaatlariga yechim topish, ishsiz fuqarolarni mavsumiy ishlarga jalb etish orqali ularning daromadlarini oshirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida oʻzing tegishli koʻrsatma va tavsiyalarini berdi.
Albatta, bu kabi sayyor qabullarni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad xalq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo inson huquq hamda manfaatlarini taʼminlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.