Andijon viloyati IIB tomonidan otaliqqa olingan Andijon shahridagi 4-son kasb-hunar maktabi oʻquvchi-yoshlari bilan “Tengdoshimga huquqiy yordam“ tadbiri oʻtkazildi
2024-10-30 10:00:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18 centyabr kunidagi “2024-2025-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida“gi tegishli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan nazorat rejasi ishlab chiqilib, ichki ishlar organlariga yoshlarning tashrifini tashkil qilish orqali “Tengdoshimga huquqiy yordam“ tadbirlarini oʻtkazib borish vazifasi belgilangan.
Shunga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamentining koʻrsatmasi hamda boshqarma boshligʻining tashabbusi bilan Andijon viloyati IIB tomonidan otaliqqa olingan Andijon shahridagi 4-son kasb-hunar maktabi oʻquvchi-yoshlarining tashrifi tashkil etildi.
Tadbirda boshqarmada xizmat olib borayotgan huquqshunoslik mutaxassisligiga ega yosh xodimlar bilan birgalikda “Tengdoshimga huquqiy yordam“ shiori ostida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Oʻtkazilgan uchrashuvda Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi xodimlari tomonidan yoshlar oʻrtasida turli jinoyatlarni oldini olish va jinoyatlarga qarshi sogʻlom immunitet hosil qilish talab va majburiyatning eng yuqorisida turuvchi vazifa ekanligini, qolaversa, ushbu jarayonda huquqiy savodxonlikni oshirishlarini, oʻspirin yoshlar oʻrtasida sodir etilayotgan oʻgʻirlik, talonchilik, bosqinchilik, qasddan tan jarohati yetkazish, noqonuniy kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarni isteʼmol qilishga yoʻl qoʻymaslik hamda shu kabi jinoyatlarni oldini olish borasida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, oʻquvchi-yoshlarga kiberxavfsizlik toʻgʻrisida tushunchalarini oshirish maqsadida boshqarma Kiberxavfsizlik boʻlimida xizmat olib borayotgan yosh xodimlar tomonidan kiber jinoyatlar, ularning turlari, uning oqibatlari toʻgʻrisida atroflicha maʼlumotlar yetkazildi.
Shu bilan birga, kiber yordamchi platformasi haqida ham amaliy tushunchalar berildi.
Boʻlib oʻtgan uchrashuv yakunida oʻquvchi-yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan masalalar boʻyicha masʼullarga yuzlanib, kerakli boʻlgan javoblarni oldilar.
Bundan tashqari, oʻquvchi-yoshlarni Andijon viloyati IIBning “Shon-sharaf“ muzeyiga sayohati tashkil etildi. Sayohat davomida 3 ta davrga oid boʻlgan muzeyda oʻquvchilarga Oʻrta Osiyoning ichki xavfsizligi tarixi, Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasining tashkil topishi, unda xizmat faoliyatini olib borgan xodimlarning jasorati hamda hozirgi kunga qadar ichki ishlar tizimida foydalanib kelingan asbob uskunalarning rivojlanish tarixi shuningdek, oʻsha davrga oid eksponatlar haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
Bir soʻz bilan aytganda ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan tadbirlar oʻquvchilarning huquqiy bilimlarini yanada oshirishga, ularni vatanparvarlik ruxida kamol topishi va yuksak maʼnaviyatli shaxslar boʻlib yetishishi uchun muhim asos boʻlib xizmat qildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati