Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida Xitoy Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari uchun oʻquv kursining yopilish marosimiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi
2024-10-30 07:20:00 / Yangiliklar
Avval xabar qilinganidek, Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Xitoy Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari uchun oʻquv kursi tashkil qilingan edi.
Ikki haftalik oʻquv kursi davomida akademiya professor-oʻqituvchilari tomonidan turli mavzularga bagʻishlangan nazariy va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi. Bundan tashqari, universitet vakillari mamlakatimiz ichki ishlar organlari faoliyati bilan yaqindan tanishish, tizimdagi ilgʻor yondashuvlar boʻyicha oʻzaro tajriba almashish imkoniga ega boʻldilar. Ayniqsa yurtimizning tarixiy qadamjolari, diqqatga sazovor joylariga sayohat, turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar mehmonlarda yorqin taassurot qoldirdi.
Oʻquv kursining yopilish marosimiga bagʻishlangan tadbirda akademiya boshligʻi Rustam Xatamov soʻz olib, Oʻzbekiston – Xitoy munosabatlari strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani, doʻstona aloqalar mamlakatlarimiz milliy manfaatlari va taraqqiyotiga xizmat qilayotganini alohida taʼkidladi.
Shundan soʻng delegatsiya rahbari Du Vang boshligidagi universitet vakillariga sertifikatlar topshirildi.
“Oʻzbekistonga tashrifimiz ikki tomonlama hamkorlikning yuksak ifodasidan dalolat beradi. Oʻquv kursi barchamiz uchun qiziqarli va taassurotlarga boy oʻtdi. Talabalarimiz yetuk salohiyatli professor-oʻqituvchilardan taʼlim olishdi. Oʻzaro muloqotlar chogʻida oʻzbek xalqining tarixi, milliy madaniyati va qadriyatlari, mamlakatingizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, kadrlar tayyorlash tizimining oʻziga xos jihatlari haqida keng tasavvurga ega boʻldik. Ayniqsa buyuk ajdodlaringiz qoldirgan bebaho ilmiy meros va qadimiy obidalar meni hayratga soldi. Oʻzbek va xitoy xalqlarini koʻhna sivilizatsiya, azaliy doʻstlik va zamonaviy taraqqiyot bogʻlab turganiga yana bir bor amin boʻldim”, – dedi universitetning Xalqaro politsiya tadqiqotlari fakulteti rahbari oʻrinbosari, professor Du Vang.
Shuningdek, tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi maslahatchisi Chen Yuy ishtirok etib, ikki tomonning qatʼiy intilishi va bir-birini qoʻllab-quvvatlashi natijasida davlatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar izchil rivojlanib borayotganini, manfaatli hamkorlik barcha sohalarni qamrab olgani holda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini aytib oʻtdi.
Tadbir yakunida xitoylik mehmonlar akademiyada yoʻlga qoʻyilgan innovatsion taʼlim jarayonlari, kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar hamda oʻquv dargohining ulkan salohiyatini eʼtirof etdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati