IIV akademiyasi magistrlari tomonidan oliy taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy va huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazildi
2024-10-27 21:10:00 / Yangiliklar
“Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” shiori ostida tashkil qilingan uchrashuvlarda talaba yoshlar, professor-oʻqituvchilar, ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari, psixologlar va tyutorlar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Turin politexnika universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent davlat agrar universiteti va boshqa oliy taʼlim muassasalarida boʻlib oʻtgan tadbirlarda yoshlar maʼnaviyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillar, internet tarmogʻi orqali kirib kelayotgan xavf-xatarlar, diniy ekstremizm va radikalizm bilan bogʻliq tahdidlar haqida soʻz bordi.
Talabalarga diniy aqidaparastlikka berilish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, qimor oʻyinlari va boshqa illatlarga ruju qoʻyish, huquqbuzarlik sodir etishning oqibatlari atroflicha tushuntirildi. Mafkuraviy xurujlar kuchayib borayotgan bugungi sharoitda aholining barcha qatlami, ayniqsa yoshlarimiz buzgʻunchi va zararli gʻoyalardan ogoh boʻlishi, maʼnaviy dunyoqarashi va huquqiy ongini yuksaltirib borishi, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishi kerakligi taʼkidlab oʻtildi.
Aytish joizki, taʼsirchan ruhda oʻtgan uchrashuvlar yoshlar taqdiriga daxldor dolzarb masalalar yuzasidan muloqot qilish, ularni ezgu maqsadlar sari undash, globallashuv jarayonlarining salbiy jihatlaridan ogohlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlik rejasi asosida oʻtkazilayotgan targʻibot tadbirlarini izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
IIV akademiyasi Axborot xizmati