Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida Ichki ishlar organlari tashkil topganligining 33-yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi
2024-10-25 18:55:00 / Yangiliklar
Bugun “25-oktyabr – Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” munosabati bilan vazirlikning madaniyat saroyida tantanali bayram tadbiri oʻtkazildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Hukumat masʼullari, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari rahbarlari, shaxsiy tarkibi hamda faxriylar ishtirok etdilar.
Davlat madhiyasi sadolari yangragach soha vakillariga Davlatimiz rahbarining tabrigi oʻqib eshittirildi.
Tabrikda safdor, serjant, ofitser va generallar hamda muhtaram faxriylarning el-yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli xizmatlari munosib eʼtirof etildi.
Yurtboshimizning tegishli farmonlari bilan mamlakatimiz
ichki ishlar organlaridagi koʻp yillik samarali mehnati, Vatanimiz
osoyishtaligi va jamoat xavfsizligini taʼminlash, tinchlik, barqarorlikni mustahkamlashga qoʻshgan munosib hissasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yoʻlidagi ibratli va namunali faoliyati, sharafli burchini bajarishda mardlik va jasorat namunasini koʻrsatgani, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi alohida xizmatlari uchun bir guruh xodimlar Davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Mukofotlarni ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov topshirdi.
Bir guruh xodimlar vazirlikning idoraviy koʻkrak nishonlari, qimmatbaho esdalik sovgʻalar va pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Shundan soʻng tadbirga tashrif buyurgan yuqori martabali mehmonlar, davlat organlari va tashkilotlari mutasaddilari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlariga oʻzlarining bayram tabriklari yetkazildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada amalga oshirilgan islohotlar, zamonaviy texnik vositalar bilan taʼminlash, xizmat sharoitini yaxshilash, xodimlar va ularning oila aʼzolarini ishonchli ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida soʻz borib, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, yuksak bilim va professional koʻnikmalarga ega vatanparvar xodimlarning tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash yoʻlidagi xizmatlariga yuksak baho berildi.
Tadbirga sanʼatkorlarning chiqishlari oʻzgacha fayz bagʻishladi.