Faxriylar — faxrimiz. Halol mehnat sururi
2024-10-18 21:00:00 / Yangiliklar
Isteʼfodagi kapitan Sadriddin Jumayev hayotda omadi chopganlardan. Negaki, el-yurtimiz osoyishtaligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilib, kasbidan obroʻ-eʼtibor topdi.
Lavhamiz qahramoni uzoq yillar Konimex tumani IIB EKBda faoliyat koʻrsatib, koʻplab ekspertiza tadqiqotlar-ni amalga oshirib, jinoyatlarni ochishga munosib hissa qoʻshdi.
... Shomurod otaning yaylovda oʻtlab yurgan qoʻylari har haftada bir yoki ikkitaga kamayib qolardi. Avvaliga hamma bu boʻrilarning “ishi” deb oʻyladi. Voqea joyida qoldirilgan uzun, ingichka izlarni sinchiklab tekshirgan Sadriddin Jumayev bu “Tiko” avtomashinasining izi degan xulosaga keldi. Qishloqning bir necha zabardast yigitlari tuman IIB xodimlari bilan birga toʻrt kecha-kunduz suruvni kuzatdilar. Nihoyat “Tiko” mashinasida oʻgʻrilik sodir etgan er-xotinlar navbatdagi jinoyat ustida qoʻlga olindi. Shu tariqa ekspertning xulosasi oʻz tasdigʻini topdi.
Biz xizmat qilgan kezlari ekspert-kriminalistika texnikalari hozirgi kabi takomillashmagan edi. Barmoq izlaridan sifatli nusxa olishga qiynalardik.
Shu sababli ashyoviy dalillarni bir necha kun tekshirardik. Hozirgi paytda ekspert-kriminalistlar uchun barcha sharoitlar muhayyo. Ayniqsa, maxsus avtomashinalar holatni joyida oʻrganish imkoniyatini beradi, — deydi Sadriddin Jumayev.
Lavhamiz qahramoni ayni paytda Konimex tumani IIB Faxriylar kengashi raisi sifatida yosh xodimlarni Vatanga muhabbat, burchga sadoqat ruhida tarbiyalashda faol qatnashib kelyapti.
Isteʼfodagi mayor Muzaffar Bahromov, isteʼfodagi kapitan Norqul Roʻziqulov unga bu borada kamarbasta boʻlishyapti. Birgalikda tez-tez betob faxriylarning holidan xabar olishadi. Bir piyola choy ustida xizmat vaqtlarini eslashadi.
Shogirdlari ham talaygina. Ulardan mayor Mansur Suyundiqov Konimex tumani IIB boshligʻining oʻrinbosari, katta leytenant Umidjon Iskandarov Konimex tumani IIB kadrlar bilan taʼminlash guruhi katta inspektori lavozimida xizmat qilishadi.
Sadriddin Jumayev turmush oʻrtogʻi bilan bir oʻgʻil va bir qizni yaxshi niyatlarda tarbiyalab, voyaga yetkazdi.
Xolis niyatlari ijobat boʻlib, farzandlari bugungi kunda turli sohalarda el-yurt ravnaqi yoʻlida halol mehnat qilishmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Mahliyo Xolova, Navoiy viloyati.