Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgan viloyatning turli hududlarida sodir boʻlgan oʻta ogʻir turdagi jinoyat hamda huquqbuzarliklar “Buxoro tajribasi“ asosida viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligida muhokama qilindi
2024-10-15 09:00:00 / Yangiliklar
![Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgan viloyatning turli hududlarida sodir boʻlgan oʻta ogʻir turdagi jinoyat hamda huquqbuzarliklar “Buxoro tajribasi“ asosida viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligida muhokama qilindi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F35451a8d-08e5-9d7a-dd1c-e58e2c6509f0_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Xabaringiz bor, viloyat miqyosida sodir boʻlgan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlayotgan, aholi orasida shov-shuvlarga sabab boʻlayotgan huquqbuzarliklar, voqea hamda hodisalarning viloyat hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlari tomonidan tanqidiy muhokama qilinishi yoʻlga qoʻyilgan.
Bunda, ushbu jinoyat va huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar tegishli masʼullar ishtirokida atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish boʻyicha galdagi vazifalar belgilab olinmoqda.
Shu jumladan bugun ham, viloyat hokimligida oʻtkazilgan navbatdagi jinoyatchilikning “Mahallabay“ muhokamasida hokim Botir Zaripov, viloyat prokurori Ulugʻbek Hamdamov, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Ikromjon Tursunov boshchiligida huquq-tartibot organlari masʼullari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha viloyat hamda hududiy idoralararo komissiya aʼzolari boʻlgan tashkilotlar mutasaddilari hamda boshqa taalluqli idoralar vakillari ishtirok etishdi.
Tanqidiy-tahliliy tarzda oʻtgan mazkur muhokama yigʻilishida, Kogon shahrining Maxtumquli mahallasida sodir etilgan qotillik jinoyati hamda viloyatning boshqa hududlarida sodir etilgan bir qator jinoyat va huquqbuzarliklar birma-bir tanqidiy tahlil qilinib, vujudga kelgan kriminogen vaziyat, sodir etilgan mazkur jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, unga omil boʻlgan shart-sharoitlar, jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan galdagi vazifalar xususida soʻz yuritildi.
Kriminogen vaziyati ogʻirlashgan ushbu hududlar masʼullarining oʻz mahallasida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash toʻgʻrisida“gi 10-sonli qoʻshma qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirgan ishlari boʻyicha hisobotlari tinglanib, ular tomonidan yoʻl qoʻygan tizimli kamchiliklari qattiq tanqid qilindi.
Jarayonda, muhokamaga qoʻyilgan ushbu hududlarning masʼullariga, sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilindi.
Bundan keyin ham “Buxoro tajribasi“ asosida viloyat sektor rahbarlari tomonidan jinoyatchilikning “Mahallabay“ hamda “sohabay“ muhokamasi tizimli ravishda amalga oshiriladi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati