Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati tashabbusi bilan navbatdagi Press-tur tashkil etildi
2024-10-11 12:45:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyatida huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini tashkil etish, sohani raqamlashtirish orqali yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ularning natijalari hamda galdagi vazifalar xususida axborot berish, tizimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida Press-tur oʻtkazildi.
Press-turni boshqarma Axborot xizmati boshligʻi podpolkovnik Shuxrat Jalolov ochib berib, media tadbirning borishi hamda sohaga doir umumiy maʼlumotlarni yetkazish uchun soʻzni mazkur sohaning boshligʻi polkovnik Karomat Radjabovga berdi.
Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Karomat Radjabov press-tur kun tartibi bilan yigʻilganlarni tanishtirib, Huquqbuzarlik profilaktikasi boshqarmasi tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar borasida maʼlumot berdi.
Shundan soʻng, shahar-tuman profilaktika inspektorlari bilan “Onlayn yoʻriqnoma” jarayoni oʻtkazildi. Bunda Ommaviy axborot vositalari vakillariga yoʻriqnoma oʻtkazish tartibi toʻliq tushuntirildi.
Shu bilan birga, Ommaviy axborot vakillariga “E-maʼmuriy ish”, “E-Ijtimoiy profilaktika”, “E-Muhokama” elektron platformalarining ishlash tartibi, ushbu loyihalar amaliyotga tatbiq etilganidan soʻng erishilgan natija va ish samaradorligiga qilgan ijobiy taʼsiri xususida maʼlumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, “Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni hisobga olish yagona axborot tizimi” moduli doirasida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar borasida ham axborot berildi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi bilan tashkil etilgan Press-turning navbatdagi manzili Buxoro shahridagi “Oydin nur” oilani ijtimoiy, huquqiy himoyalash markazi boʻldi.
Bu yerda Ichki ishlar boshqarmasi hamda Markaz hamkorligida ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilaviy, maishiy tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan, odam savdosi qurboniga aylangan mehnat muhojirlari, ilgari sudlanganlar va yakka yolgʻiz ayollarga koʻrsatilayotgan amaliy yordamlar xususida maʼlumotlar berildi.
Buxoro viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish Markazi 1984-yilda tashkil qilingan. Ommaviy Axborot vositasi vakillari shu kuni ushbu Markazning faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi.
Bu yerda ota-ona yoki ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslar nazoratisiz va qarovisiz qolgan, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan oilalarda yashayotgan hamda davlat va jamoatchilik yordamiga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida maʼlumotlar taqdim etildi.
Press-tur ishtirokchilarining keyingi manzili Buxoro tumani Rabotiqalmoq Mahalla huquq-tartibot maskani boʻldi.
“Raqamlashgan Obod va xavfsiz” mahalla tamoyili asosida qaytadan bunyod etilgan maskan OAV vakillarining diqqat markazida boʻldi.
Jarayonda, bugungi kunda aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga yechim topish, hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahalla yettilik vakillarining hamkorlikdagi ish faoliyati bilan tanishildi.
Rabotiqalmoq mahallasi toʻliq kameralashtirilgan boʻlib, ushbu zamonaviy kameralar profilaktika inspektorining xizmat xonasiga integratsiya qilingan. Press-tur ishtirokchilari ushbu tizim bilan ham yaqindan tanishishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi 2020-yil 5-oktyabr kunidagi Farmoni asosida “Axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni elektron shakllantirish, koʻrib chiqish va hisobini yuritish toʻgʻrisida”gi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Ichki ishlar vazirligining 2021-yil 29-sentyabr kunidagi qoʻshma qarori imzolangan.
Mazkur qoʻshma qaror asosida 2021-yil sentyabr oyidan boshlab, profilaktika inspektorlari tomonidan koʻrib chiqiladigan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni toʻliq elektron shaklga oʻtkazilishi, shuningdek profilaktika inspektorlarining sud majlislarida “masofaviy” mobil videokonferensaloqa tarzida qatnashish tartibi joriy etildi.
Unga koʻra, yashash manzili sud binosidan uzoq joylarda yashaydigan, sudga kela olmasligi boʻyicha uzrli sabablari boʻlgan (ish, kasallik) hollarda maʼmuriy ish hujjatlarining skaner varianti “E-maʼmuriy ish” tizimi orqali bazaga yuklanadi va sud tomonidan qabul qilinib, sud muhokamasi vaqti belgilanadi.
Rabotiqalmoq Mahalla huquq-tartibot maskanida boʻlgan media tur doirasida OAV vakillari “Online sud” jarayoni bilan ham tanishishdi.
Davlatimiz Rahbarining joriy yil 31-may – 1-iyun kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida profilaktika inspektorlari uchuvchisiz uchadigan apparatlar bilan taʼminlandi.
Press-tur davomida ushbu tajriba ham oʻrganildi. Bunda mahalla hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, xizmat samaradorligi va tezkorligini oshirish, turli nostandart vaziyat va hududlarda fuqarolar xavfsizligini ishonchli taʼminlashda dronlarning ahamiyati yuqori boʻlayotgani alohida taʼkidlandi.
Shundan soʻng, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda viloyat hokimligi xotin-qizlar boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan qoʻshma Dastur asosida ayollar jinoyatchiligini oldini olish maqsadida tashkil etilgan “Muqaddassan ayol” mobil targʻibot guruhining faoliyati bilan tanishildi.
Shu bilan birga, Press-tur ishtirokchilari ushbu mahalladagi ishsiz xotin-qizlarning bandligini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan tikuvchilik korxonasida boʻlishdi.
Press-tur doirasidagi soʻnggi manzil, Rabotiqalmoq mahallasi profilaktika katta inspektori kapitan Shahob Ismoilovning xizmat uyi boʻldi. Bu yerda xodim hamda uning oila aʼzolari yashashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishilib, samimiy suhbat olib borildi.
Press-tur davomida OAV vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar olishdi va tizim samaradorligini oshirishga doir bir qator takliflarni bildirishdi. Ular tomonidan bildirilgan takliflar yuzasidan zaruriy chora -tadbirlar belgilab olindi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati