IIV Akademiyasida “Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida taʼlim sifatini oshirish tendensiyalari: muammo va yechimlar” mavzusiga bagʻishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi
2024-10-06 09:00:00 / Yangiliklar

Unda vazirlik Taʼlim jarayonini tashkil etish boshqarmasi vakillari, joylardagi oʻquv muassasalari rahbarlari, ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan yosh kadrlar, soha mutaxassislari va boshqalar ishtirok etdi.
Anjumanni akademiya boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Turgʻun Kuchkarov ochib, taʼlimni isloh qilish orqali inson kapitalini rivojlantirish Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim strategik yoʻnalishi ekanligi, mazkur konferensiya soha uchun kadrlar tayyorlash masalasidagi muammolarning amaliy yechimlariga qaratilganini taʼkidlab oʻtdi.
Ishchan ruhda oʻtgan konferensiyada vazirlik taʼlim muassasalari faoliyatidagi yutuq va muammolar, akademik litseylarda oʻquv-metodik jarayonni muvofiqlashtirishning bugungi holati va istiqbollari, hududlarda oliy taʼlimga qamrov darajasini oshirish, huquqshunoslik fanlarini oʻqitishda pedagogik innovatsiya va innovatsion faoliyat uzviyligini taʼminlash, oʻquvchi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim yoʻnalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Ayni faoliyatdagi dolzarb masalalar, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan muhim vazifalar yuzasidan maʼruzalar tinglandi. Akademik litseylarda taʼlim sifatini oshirish, kadrlar tayyorlashning yaxlit va uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish, sohadagi ilgʻor tajribalarni ommalashtirish borasida taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati