“Keksalar haftaligi“ doirasida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov boshchiligidagi masʼullar viloyat ichki ishlar organlarining tezkor-qidiruv xizmatida samarali mehnat qilgan faxriylar holidan xabar oldilar
2024-10-06 09:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda, butun viloyatimiz boʻylab 1-oktyabr “Ustoz va murabbiylar kuni“ tadbirlari qizgʻin davom etmoqda.
Ushbu bayram munosabati bilan Buxoro viloyati ichki ishlar organlari ustoz va faxriy xodimlari bilan samarali ishlash borasida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining alohida Farmoyishi asosida “Keksalar haftaligi“ chora tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, keng koʻlamli va manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur haftalik doirasida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi boshchiligida barcha toifadagi rahbarlar tomonidan viloyat ichki ishlar organlarida uzoq yillar el-yurt tinchligi yoʻlida xizmat qilib, bir necha shogirdlarga ustozlik qilgan faxriylarning holidan xabar olish, ularga har tomonlama koʻmak berish, mavjud muammolarini aniqlab bartaraf etish, yosh xodimlarning kasbiy bilim, sir asrorlarini puxta egallashlari uchun “ustoz-shogird“ anʼanalarini uzviy yoʻlga qoʻyish maqsadida xonadonlariga borib ularning holidan xabar olinmoqda va ustoz-murabbiylar ishtirokida turli uchrashuvlar hamda davra suhbatlari oʻtkazilmoqda.
Jumladan, bugun ham boshqarma boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov boshchiligidagi masʼullar tomonidan koʻp yillar tezkor qidiruv xizmatida samarali mehnat qilib, hozirgi kunda nafaqa gashtini surayotgan isteʼfodagi podpolkovniklar Qurbonov Hamza Erkinovich hamda Rajabov Erkin Saidovichlar holidan xabar olindi.
Samimiy suhbatda, ushbu faxriy ustozlarning xizmat yoʻllari, bugungi kunda ichki ishlar organlari xodimlari uchun yaratib berilayotgan shart sharoitlar va imkoniyatlar xususida muloqot qilindi.
Faxriylar ham oʻz oʻrnida ularga qaratilayotgan yuksak eʼtibordan koʻngillari shod boʻlib, oʻz minnatdorliklarini bildirishdi.
Bu kabi tadbirlar Buxoro viloyati boʻylab davom etmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati