Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida Yunusobod tumani “Sobirobod” mahallasi vakillari, tuman IIOFMB mutasaddilari, professor-oʻqituvchilar va kursantlar ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi
2024-10-06 06:45:00 / Yangiliklar

Keyingi yillar mahallada keng koʻlamli oʻzgarishlar amalga oshirildi. Hududlar obodonlashtirilib, yangicha qiyofa kasb etdi. Aholi bilan faol va manzilli muloqot yoʻlga qoʻyildi. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda ijobiy natijalarga erishildi. Albatta, bu oʻzgarishlarda “mahalla yettiligi” tizimi aʼzolarining ham hissasi bor.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida mazkur mahalla vakillari, tuman IIOFMB mutasaddilari, professor-oʻqituvchilar va kursantlar ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi.
Tadbirni akademiya boshligʻi yordamchisi, polkovnik Ismoil Himmatov ochib, mahalla institutining jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim oʻrniga toʻxtaldi. Hududlarda yoʻlga qoʻyilgan ijobiy tajribalarni oʻrganish, jinoyatchilikni jilovlashda “mahalla yettiligi”ga metodik yordam koʻrsatish, sohadagi islohotlar bilan kursant yoshlarni tanishtirish tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad ekanligi aytib oʻtildi.
Davra suhbatida “Sobirobod” mahalla fuqarolar yigʻini raisi N. Abdurahimov, IIOFMB boshligʻi, polkovnik A. Shermuhamedov, “mahalla yettiligi” vakillari soʻzga chiqib, aholini qiynayotgan muammolarni hal qilish, xotin-qizlar va yoshlar qatlami bilan ishlash, mahallani ishsizlik, jinoyatchilik, oilaviy ajrimlardan xoli hududga aylantirish, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirish yuzasidan olib borilayotgan keng qamrovli ishlarga toʻxtalishdi.
Shuningdek, tadbirda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan keng qamrovli profilaktik ishlar haqida ham maʼlumot berildi. Bu borada samarali tizimning yoʻlga qoʻyilgani aholi, ayniqsa yoshlarni turli salbiy illatlardan asrashda, jinoyatchilikni jilovlashda muhim omil boʻlayotgani taʼkidlandi.
Ochiq muloqot davomida kursantlar “mahalla yettiligi”ning faoliyati, tizim vakillari zimmasidagi asosiy vazifalar, raqamli mahalla platformasi, aholi bilan manzilli ishlashda eʼtibor qaratiladigan muhim jihatlar xususida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati