Qashqadaryo viloyati IIBda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 33-yilligi bayrami munosabati bilan “Bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan bosh gʻoya asosida tadbir boʻlib oʻtdi
2024-08-31 12:00:00 / Yangiliklar
Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 33-yilligi bayrami munosabati bilan “Bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan bosh gʻoya asosida tadbir boʻlib oʻtdi. Unga boshqarma tarkibiy boʻlimlari va sohaviy xizmatlari, shahar-tuman ichki ishlar boʻlimi xodimlari, faxriylar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Abduvoxid Ismoilov ochib, Ichki ishlar vazirining shaxsiy tarkib, tizim faxriylari va xizmat burchini bajarish chogʻida vafot etgan xodimlarning oila aʼzolariga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.
-Yangi Oʻzbekiston nomi bilan dunyoga yuzlanayotgan mamlakatimizda mustaqilligimizning 33-yilligi bayrami barcha sohalarda ulkan yutuqlar va betakror yangilanishlar bilan kutib olindi.
Oʻtgan davrda ona diyorimizda asrlarga tatigulik ishlar qilindi. Tizimda kechayotgan islohotlarning tub mohiyati soha xodimlari fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash bilan birga kundalik tashvishlari va yumushlarini bartaraf etishga koʻmaklashish, tunu kun xalq xizmatida boʻlishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, — dedi boshqarma boshligʻi oʻz soʻzida. — Bunday saʼy-harakatlar zamirida, avvalo, Vatan tinchligini asrash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, osoyishtalikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash va aholi turmush farovonligini oshirish bosh maqsad etib belgilangan. Bu borada ichki ishlar organlari xodimlari oldiga qoʻyilgan talablar mutlaqo yangicha tus olib, fuqarolarga namunali xizmat koʻrsatib kelinmoqda.
Tadbirda muhtaram Prezidentimizning mustaqillikning 33-yilligi munosabati bilan imzolagan Farmoniga koʻra, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Qamashi tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi podpolkovnik Nodir Raximov “Sodiq xizmatlari uchun”, Koʻkdala tuman ichki ishlar boʻlimi yoʻl-patrul xizmati katta inspektori, katta serjant marhum Primov Elbek Oʻktamovich “Jasorat” medali bilan taqdirlangani voha ichki ishlar organlari xodimlari xizmatiga berilgan yuksak baho ekanligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, 7 nafar viloyat ichki ishlar organlari xodimlari Ichki ishlar vazirining buyrugʻiga binoan “Aʼlo xizmatlari uchun” va I-II-III-darajali “Benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari, Faxriy yorliq, qoʻl soati hamda pul mukofotlari, bir nafar xodimga muddatidan oldin maxsus unvonlar, bir nafar faxriyga esa “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi” koʻkrak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati