Yoshlar — kelajak bunyodkori. Uquvi bor ulgʻayar
2024-08-30 22:00:00 / Yangiliklar
Xalqimizda uquvlining ishi joyida, uquvsizning ishi dargoyida, degan naql bor. Inson qaysi kasbni tanlamasin, oʻz ishini mehr bilan bajarsa, asta-sekin bajarayotgan ishi samarali boʻlib, rahmat va ragʻbatlardan kasbiga qiziqishi kundan-kun ortaveradi.
Shunday intiluvchan yigitlardan biri Surxondaryo viloyati IIB JXX JTSB PPX batalyoni inspektori, safdor Farruxjon Zaripovdir. U ichki ishlar organlaridagi faoliyatini Angor tumani IIBda boshlagan. Xizmatni hududdagi aholi gavjum joylarda, bozorda oʻtagan.
Asosan tuman bozori hududida sodir etiladigan turli oʻgʻirlik, bezorilik, firibgarlik kabi jinoyatlarning oldini olish, sodir etilganlarini fosh etishda faol ishtirok etgan.
Bozorda kunda-kunora oʻgʻirlik sodir boʻlib turardi, — deb eslaydi Farruxjon. — Ariza yoki murojaat kelib tushishi bilanoq, holatga aniqlik kiritish uchun dastlab kuzatuv kameralaridagi yozuv tasmalarini koʻzdan kechirardik. Soʻngra nomaʼlum fuqaroning shaxsini aniqlash uchun kerakli materiallar toʻplanardi.
Mazkur maʼlumot asosida gumonlanuvchi voqea joyidan boʻlimga olib kelinardi. Faoliyatim davomida 25 ta oʻgʻirlik jinoyatini fosh etishga koʻmaklashdim.
Bunda zamonaviy axborot texnologiyalariga qiziqishim baland boʻlgani qoʻl keldi. Shu soha sirlarini puxta egallash maqsadida hozirda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialida sirtdan tahsil olyapman.
Farruxjon Zaripov topshiriqlarni oʻz vaqtida, vijdonan, bekamu koʻst ado etishi, tirishqoqligi, intiluvchan va izlanuvchanligi bilan hamkasblaridan ajralib turadi.
Shuning uchun unga batalyonda bodikameralar va ratsiyalarni tarqatish, ularga texnik xizmat koʻrsatish va texnik holatiga qarab turish vazifasi ham yuklatilgan.
Bugun u 2 nafar farzandning mehribon otasi. Xizmat tugashi bilan uyga shoshadi. “Farzandlarimni koʻrishim bilan birpasda butun charchoqlarimni unutaman. Oilam menga hamisha ishonch va kuch bagʻishlaydi”, deydi u.
©️ “Postda” gazetasi, Feruza Rahmonqulova, Surxondaryo viloyati.