Bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz! Ulugʻ shodiyona nafasi
2024-08-26 07:10:00 / Yangiliklar
Mamlakatimizning har bir goʻshasida ulugʻ shodiyona nafasi kezayotgan ayni kunlarda mustaqilligimizning 33 yillik bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtmoqda. Zero, shu aziz Vatan, tinch, osoyishta, jannatmonand diyorda oʻzligimiz tan olingan kunni eʼzozlash har bir fuqaroning farzandlik burchidir.
IIV Markaziy poliklinikasida ham “Bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” shiori ostida maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Unda IIV Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi mutaxassisi, yuridik fanlar doktori Abdugʻafur Sattarov, Oʻzbekiston Respublikasi Yozuvchilar hamda Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi, targʻibotchi-maʼnaviyatchi Gulchehra Shahobiddin qizi, IIV MMI va KBTD maʼnaviyat va maʼrifat inspektori Zikrilla Neʼmatov ishtirok etdi.
Tadbirda soʻz olganlar ozod va obod yurtda yashash saodat ekanligi, ayniqsa, mamlakatimizda yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan tinchlik siyosati va barcha sohalardagi islohotlar inson qadrini ulugʻlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlashdi. Shuningdek, bugun bu yangilanishlar samarasini barcha yurtdoshlarimiz oʻz koʻzi bilan koʻrib, anglab, qalban his qilib turganini hayotiy misollarda tilga olishdi. Ijodkorlar ona, Vatan, tinchlik, ozodlik mavzusidagi ijod namunalaridan oʻqib berishdi.
Maʼrifiy kecha doirasida kasbga sadoqat, fidoyilik namunasini koʻrsatib xizmat qilayotgan, oʻzining insoniy fazilatlari bilan jamoa ishonchiga sazovor boʻlgan bir guruh tibbiyot xodimlariga IIV Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasining kitoblar jamlanmasi hamda boshqa sovgʻalar taqdim etildi.
- Oʻn olti yildirki, yurtimiz tinchlik-osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilayotgan xodimlarimizning salomatligini saqlashdek sharafli ishga hissa qoʻshishga harakat qilaman, — deydi IIV Markaziy poliklinikasi terapiya boʻlinmasi shoxobcha shifokori, oliy toifali shifokor Feruza Karabayeva. — Bugungi tadbirda kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlanganimdan xursandman. Kitob inson uchun bebaho bilimlar manbayidir. Kitobni, ilmni qadrlagan inson kam boʻlmaydi. Barcha yurtdoshlarimizni yaqinlashib kelayotgan mustaqillik bayrami bilan tabriklayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin!
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA, oʻz muxbirimiz.