Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi ishtirokida Qarshi tumanida yigʻilish boʻlib oʻtdi hamda jinoyatlarni fosh etishda axborot texnologiyalaridan foydalanish ishlari oʻrganildi
2024-08-08 10:45:00 / Yangiliklar
Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Abduvoxid Ismoilov ishtirokida Qarshi tumanida kriminogen vaziyatni jilovlash, huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldini olish, sodir etilganlarini fosh etish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda oʻtgan davrda amalga oshirilgan ishlar tahliliga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlari, Qarshi tuman sektorlar rahbarlari, shaxsiy tarkib ishtirok etdi.
Yigʻilishda viloyat IIB boshligʻi tumanda jinoyatlarni barvaqt aniqlab oldini olish, bozorlar, umumiy ovqatlanish joylari va uning atrofida qonunbuzarliklarga barham berish borasida bajarilgan ishlarni atroflicha muhokama qildi. Tumanda jinoyatlarni oldini olishda ichki ishlar organlari xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda nazorat-kuzatuv ishlarini kuchaytirish lozimligini taʼkidladi.
Tumanga kirish-chiqish, markaziy chorrahalari, bozorlar va aholi gavjum toʻplanadigan maskanlarida videokameralar oʻrnatilib, ishchi holatga keltirilib, IIB situatsion markaziga ulanganini qayd etdi.
Masʼullarga tumandagi kriminogen vaziyati ogʻir maskanlar, jinoyat oʻchoqlari haqida xaritali taqdimot namoyish etilib, bu joylarga ham videokamera oʻrnatish ishlarini yana bosqichma-bosqich davom ettirish, xavfsizlikni taʼminlash borasida tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Ichki ishlar organlari xodimlari faoliyat davomida xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etishi, fuqarolar bilan xushmuomala boʻlib, korrupsion holatlarga murosasiz ruhda ish yuritishi lozimligi xususida shaxsiy tarkibga yoʻriqnoma va tavsiyalar berdi.
Yakunda tashkiliy masala — Qarshi tuman IIB boshligʻi lavozimiga podpolkovnik Nurbek Safarov tayinlandi.
Shundan soʻng, Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Abduvoxid Ismoilov Qarshi tuman hokimi Zoyir Aliqulov hamrohligida tumanda kriminogen vaziyatni jilovlash, huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldini olish, sodir etilganlarini fosh etishda axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanish borasida amalga oshirilgan ishlarni oʻrgandi.
Viloyat 3-sektor rahbari oʻrganishlar davomida jinoyatlarni barvaqt aniqlab oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida beminnat xizmat qilayotgan tumanga kirish-chiqish, markaziy chorrahalari, bozorlar va aholi gavjum toʻplanadigan umumiy ovqatlanish joylari va uning atrofida oʻrnatilgan videokameralarning ishlash jarayoni, IIB situatsion markaziga ulanganini koʻzdan kechirishdi. Bunday imkoniyatlar natijasida jinoyatlar salmogʻi kamaygani qayd etildi.
Tuman sektorlar rahbarlariga jinoyat oʻchoqlarida qonunbuzarliklarni oldini olish uchun bosqichma-bosqich videokamera oʻrnatish ishlarini jadallashtirish borasida tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati