IIV Akademiyasi huzuridagi Oʻquv-metodik kengashning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2024-07-26 09:00:00 / Yangiliklar

Onlayn formatda oʻtkazilgan yigʻilishda kengashga aʼzo sifatida qabul qilingan xorijiy turdosh oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yigʻilishni akademiya boshligʻi Rustam Xatamov kirish soʻzi bilan ochib, hozirgi globallashuv sharoitida xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishning dolzarb ahamiyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun malakali kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, akademiyada yoʻlga qoʻyilgan xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining asosiy yoʻnalishlari haqida toʻxtalib oʻtdi.
Ishchan ruhda oʻtgan yigʻilishda kengashning 2024/2025 oʻquv yiliga moʻljallangan ish rejasi, hamkorlikda dolzarb yoʻnalishlarga bagʻishlangan mahorat darslari va seminar treninglar tashkil etish, kengash qoshida yangi xalqaro ilmiy-metodik jurnal taʼsis etish, oʻquv va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar tayyorlash kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan akademiya boshligʻi oʻrinbosari Ruftullo Nigmatov va fakultet boshligʻi Olimjon Matchanovning axboroti tinglandi. Shuningdek, Turkiya politsiya akademiyasi, Belarus Respublikasi IIV akademiyasi, Tojikiston Respublikasi IIV akademiyasi hamda Qozogʻiston Respublikasi IIV Olmaota akademiyasi vakillarining taklif va mulohazalari tinglandi.
Yigʻilish yakunida akademiya boshligʻi kengash faoliyatining ustuvor jihatlariga toʻxtalib, hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar kadrlar tayyorlash sifati va samaradorligini oshirishga, taʼlim jarayoniga ilgʻor yondashuvlarni keng tatbiq etishga, ilm-fanning xalqaro miqyosda integratsiyalashuviga xizmat qilishini taʼkidladi.
Shuningdek ishtirokchilar muhokama qilingan masalalar yuzasidan qabul qilingan qarorlarni ijroga qaratishga kelishib oldilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati